O‘zbekiston Prezidentining 3-martdagi farmoniga ko‘ra, salomatlikka, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyat sodir etgan shaxslarni doimiy monitoring qilish uchun “jinoyatlar xaritasi” (crime map) yuritiladi. Bu tizim orqali bunday shaxslarning maxsus reyestrini yuritish tartibi takomillashtiriladi va ular ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Hujjatda, shuningdek, jinoyatchilarning xulq-atvori va zo‘ravonlikka moyilligi ustidan tizimli kuzatuv o‘rnatish rejalashtirilganligi ta’kidlanadi. Huquqni muhofaza qilish organlari, tibbiyot va ijtimoiy muassasalar ular uchun xulq-atvorni korreksiya qilish dasturlarini tashkil etadi va ishtirokini ta’minlaydi. Bunday shaxslar haqidagi ma’lumotlar yashash joyidagi profilaktika inspektoriga va tibbiyot muassasalariga taqdim etiladi.
Voyaga yetmaganlar bilan ishlovchi davlat organlari va tashkilotlari shaxsning reyestrga kiritilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, bunday shaxslar uchun voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq sohalarda ishlashga cheklovlar o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Iyun oyiga qadar zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalarga huquqiy yordam ko‘rsatish uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan advokatlar ro‘yxati shakllantiriladi.
Oila institutini mustahkamlash va maishiy zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan media mahsulotlarni yaratishga kreativ industriya vakillari, blogerlar va inflyuyenserlarni jalb etish rejalashtirilgan. Hujjatda bir qator qonunchilik tashabbuslarini tayyorlash ham ko‘zda tutilgan—jumladan, voyaga yetmaganlar bilan nikoh qurishga da’vat qilish, undash va buni targ‘ib qilish uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash, shuningdek, Oila kodeksida nikoh yoshini pasaytirish uchun aniq asoslarni belgilab qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq prezident voyaga yetmaganlarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar, ular bilan jinsiy aloqa qilish va uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish uchun ilgari sudlangan shaxslar tomonidan quyidagi jinoyatlar qayta sodir etilgan taqdirda, ularga nisbatan jazo belgilash to‘g‘risidagi qonun loyihasini uch oy muddatda tayyorlash bo‘yicha topshiriq bergandi. 2023-yil noyabr oyida Vazirlar Mahkamasi voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar reyestrini yuritish tartibini tasdiqlagandi. Senat raisi Tanzila Narbayeva reyestrga kiritilgan shaxslarni ishga qabul qilish bilan bog‘liq jarayonlar ushbu axborot tizimidan olingan ma’lumotlar asosida nazorat qilinishini ta’kidlagan.
Source: www.gazeta.uz