O‘zbekistonning “O‘zbekneftgaz” davlat neft-gaz kompaniyasi Xitoyning CNPC milliy korporatsiyasi tarkibidagi XIBU kompaniyasi bilan 2026–2027-yillarda 30 ta quduqni burg‘ilash bo‘yicha shartnoma imzoladi. Kompaniya matbuot xizmati xabar berishicha, bu kelishuv “O‘zbekneftgaz” boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginovning Xitoyga xizmat safari doirasida neft-gaz sohasidagi yetakchi kompaniyalar bilan o‘tkazgan muzokaralari natijasida amalga oshirilmoqda.
Shartnomaga ko‘ra, burg‘ilash ishlarini amalga oshirish uchun yuk ko‘tarish quvvati 450 tonnagacha bo‘lgan 10 ta burg‘ilash dastgohini O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan. Yangi quduqlar tabiiy gaz zaxiralari istiqbolli deb topilgan maydonlarda burg‘ilanadi, ularning chuqurligi 5500–6000 metrdan ortiq bo‘lishi kutilmoqda. Ayrim quduqlarda 1000 atmosferagacha bo‘lgan yuqori bosim va 200 darajagacha harorat kuzatilgani qayd etilgan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, loyiha murakkab geologik sharoitlarda xavfsiz burg‘ilashni ta’minlash, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va mamlakat gaz zaxiralarini oshirishga xizmat qiladi. Ilgari tomonlar 2026–2029-yillar davomida O‘zbekistonda jami 105 ta quduqni burg‘ilash bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilgan edi.
Bu shartnoma O‘zbekistonning neft-gaz sektorini rivojlantirish bo‘yicha kengroq sa’y-harakatlarining bir qismidir. 12-yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekneftgaz” faoliyatining kelgusidagi vazifalari va rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishgan, unda energetik xavfsizlikni ta’minlash, gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirish va geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish bo‘yicha qator aniq topshiriqlar berilgan.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari O‘rol Sa’dullayev “O‘zbekneftgaz”ga 2026-yildan boshlab geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun kamida 30 ta istiqbolli maydon berilishini ma’lum qilgan. Fevral boshida “O‘zbekneftgaz” Xitoyning BGP, Yuhang va CNPC kompaniyalari bilan seysmik qidiruv, burg‘ilash va texnologiyalar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishni muhokama qilgan, ular bilan hamkorlikda 2026-yilda Muborak va Ustyurtda tadqiqotlar, kamida 6,5 ming kv km maydonda 3D seysmika va quduqlar burg‘ilash rejalashtirilayotgani xabar qilingan.
Source: www.gazeta.uz