O‘zbekistonning Centrum Air xususiy aviakompaniyasi Yaqin Sharq mintaqasidagi havo hududi yopilishi sababli Tailand va Maldiv orollarida qolib ketgan Yevropa davlatlarining 1279 nafar fuqarosini evakuatsiya qildi. Parvozlar Toshkentda oraliq qo‘nish bilan amalga oshirilib, yo‘lovchilar Germaniyaga yetkazildi. Kompaniya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 6-martdan boshlab Pxuket, Bangkok va Maledan Frankfurt-Maynga to‘rtta reys tashkil etilgan, yana uchtasi rejalashtirilgan.
Umumiy hisobda yettita reys orqali 2234 nafar yo‘lovchini olib chiqish ko‘zda tutilayotgani aytilmoqda. Reyslarni tashkil etish so‘rovi bilan aviakompaniyaga Germaniyaning turistik kompaniyalari murojaat qilgan. Ko‘proq yo‘lovchilarni tashish uchun 347 va 358 o‘ringa mo‘ljallangan Airbus A330 samolyotlari tanlangan. Centrum Air ushbu reyslarning bajarilishi muntazam yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar jadvaliga ta’sir qilmaganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston rahbariyati topshirig‘iga binoan tashkil etilgan repatriatsiya dasturi doirasida Centrum Air samolyotlarida Yaqin Sharq mamlakatlaridan 11 067 nafar fuqaro vataniga qaytarildi. Xususan, Jidda va Madinadan (Saudiya Arabistoni) Umra ziyoratchilarini qaytarish uchun 2-martdan 10-martgacha 32 ta reys amalga oshirilib, 9714 nafar yo‘lovchi tashildi. Parvozlar ham Toshkentga, ham boshqa shaharlarga bajarildi.
Bundan tashqari, Dubaydan (BAA) 4 ta reys orqali 956 nafar yo‘lovchi qaytarildi. Yana 397 kishi Dohadan (Qatar) Ar-Riyod (Saudiya Arabistoni) orqali 2 ta reys bilan olib kelindi. Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari boshlanganidan so‘ng Fors ko‘rfazi mintaqasidan jami 25 mingdan ortiq fuqaro qaytarilganini xabar qilgandi.
10-martdan boshlab O‘zbekiston aviatsiya hukumati Saudiya Arabistoni va BAAga yo‘lovchi tashish bo‘yicha cheklovlarni bekor qildi, bu esa mintaqaviy inqirozning aviatsiya sohasiga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan chora sifatida baholanmoqda.
Source: www.gazeta.uz