O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 6-martdagi qaroriga binoan, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi imtiyozli savdo to‘g‘risidagi xalqaro bitim rasman tasdiqlandi. Bu kelishuv ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va savdo hajmini oshirishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi ushbu shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul etib belgilandi. Tashqi ishlar vazirligiga esa, bitimning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan ichki tartib-taomillar bajarilganligi to‘g‘risida Afg‘oniston tomoniga bildirishnoma yuborish vazifasi yuklatildi.
Imtiyozli savdo bitimi, shuningdek, 2025−2026-yillarga mo‘ljallangan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sanoat hamkorlik dasturi bilan birga o‘tgan yilning iyun oyida Toshkentda imzolangan edi. O‘sha paytda Prezident Mirziyoyev Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziy bilan uchrashuvda Kobul bilan iqtisodiy hamkorlikning huquqiy bazasini mustahkamlash ustuvor vazifa ekanini ta’kidlagan edi.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Afg‘oniston vaziri va O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev imtiyozli savdo rejimini tezlashtirish, shuningdek, investitsiya va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi loyihalarni ilgari surishga kelishib oldilar. So‘nggi besh yil ichida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 2,5 baravarga oshib, 2021-yildagi 653 million dollardan 2025-yilda 1,68 milliard dollargacha yetdi, bunda 1,5 milliard dollar O‘zbekiston eksporti hissasiga to‘g‘ri keladi. Tomonlar kelajakda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollargacha oshirishni maqsad qilgan.
Source: www.gazeta.uz