24-fevral kuni Toshkent-Dushanbe yo‘nalishidagi xalqaro avtobuslar ilk reysini amalga oshirdi. Bu haqda Toshkent avtovokzali rasmiy Telegram kanali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu ushbu yo‘nalishda ilk davlat avtobusi bo‘lib, reyslar hozircha haftasiga ikki marta — seshanba va juma kunlari soat 17:00 da Toshkentdan yo‘lga chiqadi. Dushanbedan Toshkentga qaytish reyslari chorshanba va shanba kunlari soat 13:00 ga belgilangan.
Avtobuslar Toshkent avtovokzalidan chiqib, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani orqali Dushanbe markaziy avtovokzaligacha harakatlanadi. Safar davomiyligi taxminan 15–17 soatni tashkil etadi.
Yo‘lovchilar yotoqli, yuqori komfort darajasiga ega avtobuslarda tashiladi. Chipta narxi 315 ming so‘m etib belgilangan.
Qayd etilishicha, har bir yo‘lovchi chegaradan o‘tish uchun xorijga chiqish pasportiga ega bo‘lishi kerak. Kelgusida yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqib, qo‘shimcha reyslar yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Chiptalarni “Toshkent” avtovokzali chiptaxonalaridan, UzBus mobil ilovasi va avtoticket.uz sayti orqali onlayn tarzda sotib olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 23-fevraldan Toshkent — Sankt Peterburg — Toshkent yo‘nalishida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Qatnovlar haftada ikki marta — dushanba va juma kunlari amalga oshiriladi. Avtobuslar Toshkent va Sankt-Peterburgdan soat 17:00 da jo‘naydi, yo‘lda Moskvada to‘xtash rejalashtirilgan. Chipta narxi 1,2 mln so‘m.
Source: www.gazeta.uz