Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Bloomberg ma'lumotlariga ko'ra, Polsha 15 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni rejalashtirmoqda. Ta'lim vaziri Barbara Novachka aytishicha, platformalar foydalanuvchilarning yoshini tekshirish uchun mas'ul bo'ladi.

Hukmron "Fuqarolik koalitsiyasi" qonun loyihasini taqdim etishi kutilmoqda. Unda yosh foydalanuvchilarga ochiq platformalarga nisbatan jarimalar ko'zda tutilgan. Novachka qonun 2027-yil boshidan kuchga kirishi mumkinligini aytdi.

"Biz bolalar va yoshlarning ruhiy salomatligidagi muammolarni, ularning intellektual qobiliyati pasayib borayotganini ko'ryapmiz", dedi vazir. Jarimalar miqdori hozircha muhokama qilinmoqda.

Daniya, Gretsiya, Fransiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya kabi Yevropa davlatlari ham shunga o'xshash cheklovlarni ko'rib chiqmoqda. Britaniya yanvar oyida bolalarni internetda himoya qilish uchun cheklovlar o'rganayotganini ma'lum qildi. Avstraliya dekabr oyida shunday qonun qabul qildi.

Bu tashabbus Varshavani Meta va Ilon Maskning X kabi AQSh kompaniyalari bilan ziddiyatga olib kelishi mumkin. Ba'zi kompaniyalar Avstraliyadagi taqiqqa qarshi chiqqan edi.

Source: www.gazeta.uz