Hindistondagi Jamiya Milliya Islomiya markaziy universiteti (JMI) yangi o‘quv yilidan boshlab o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyati bo‘yicha to‘rt yillik bakalavriat dasturini ishga tushiradi. "Dunyo" AA xabariga ko‘ra, dastur o‘zbek tilini o‘rganish, mumtoz va zamonaviy adabiyot, shuningdek O‘zbekistonning madaniy an’analarini tahlil qilishni o‘z ichiga oladi.
Universitet professori Shahid Taslimning so‘zlariga ko‘ra, "Bakalavriat dasturining ochilishi xalqlarimizni bog‘lovchi va o‘zbek xalqi merosini Hindistonda hamda butun Janubiy Osiyo mintaqasida targ‘ib qiluvchi amaliy ko‘prik bo‘ladi".
Dehlida joylashgan universitetda 2004-yildan buyon O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi ko‘magida o‘zbek tili kurslari faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirgacha bir yillik sertifikat va diplom dasturlari mavjud bo‘lib, bakalavriat bosqichi talabalari o‘zbek tilini qo‘shimcha fan sifatida o‘rganish imkoniyatiga ega edi.
JMI 1920-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Hindistonning yetakchi universitetlaridan biri hisoblanadi. Universitetning ikkita o‘quv binosi Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino nomlari bilan ataladi.
JMI bakalavriat darajasida o‘zbekshunoslik bo‘yicha kompleks dasturni taklif qilgan Hindistondagi birinchi universitetga aylandi.
Source: www.gazeta.uz