Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni yoshlar bilan uchrashuvda President Tech Award tanlovining mukofot jamg‘armasini 5 million dollarga yetkazish to‘g‘risida topshiriq berganini ma’lum qildi.

IT Park matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, bu qaror startaplarni qo‘llab-quvvatlash, yosh dasturchilarni rag‘batlantirish va texnologik tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida qabul qilingan.

Yangi tartibga ko‘ra, 1 million dollar grantlar, qolgan 4 million dollar esa venchur investitsiyalari shaklida taqdim etiladi. Bu tanlov imkoniyatlarini kengaytiradi va startaplar uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslar yaratadi.

President Tech Award 2023-yilda ta’sis etilgan milliy tanlov bo‘lib, har yili 5 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi. Avvalgi mukofot jamg‘armasi 1 million dollar edi.

Tanlov 2025-yilga kelib 6 ming ishtirokchini birlashtirdi. 2024-yil g‘olibi TASS Vision 1,3 million yevro investitsiya jalb qilib, 10 mamlakatda faoliyat yuritmoqda.

Prezidentning 11-fevraldagi qaroriga muvofiq, startap ekotizimi yo‘lga qo‘yiladi. 2030-yilgacha startaplar sonini 5 mingtaga yetkazish, venchur investitsiyalarini 2 mlrd dollargacha oshirish va 20 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.

Source: www.gazeta.uz