Migratsiya agentligi Germaniya Bandlik federal agentligi bilan hamkorlikda 2026-yil kuzida boshlanadigan APAL (Ausbildung) dasturiga qabul boshlaganini e'lon qildi.
Dasturda 18-25 yoshli, nemis tilidan B1 darajada sertifikatga ega (Goethe, ECL, Telc, ÖSD, TestDaF) yigit-qizlar ishtirok etishi mumkin. Nomzodlar o‘rta maktab, kollej, litsey yoki texnikum bitiruvchisi bo‘lishi kerak.
Ikki yillik kasb ta'limi muvaffaqiyatli yakunlanganidan so‘ng ishtirokchilar doimiy ish bilan ta'minlanishi mumkin. Maosh 2400 yevro (netto) etib belgilangan.
Imtiyozlar: Germaniyaga borganidan so‘ng 300 yevro bir martalik to‘lov, bepul ta'lim, aviachipta va viza xarajatlari qoplanadi. Arzonlashtirilgan turar joy (oyiga taxminan 250 yevro, birinchi oy bepul), kuniga uch mahal bepul ovqatlanish ta'minlanadi.
Shuningdek, B1 sertifikatini olish uchun Toshkentdagi Gyote institutida ikki oylik bepul kurs tashkil etiladi.
Arizalar 2026-yil 2-martgacha qabul qilinadi. Ro‘yxatdan o‘tish xorijdaish.uz portali orqali amalga oshiriladi.
Qo‘shimcha ma'lumotni Germaniya Bandlik federal agentligining rasmiy saytida o‘zbek tilida olish mumkin. Murojaat uchun telefonlar: 1282 va (71) 202-33-55 (502).
Ausbildung — bu Germaniyadagi o‘rta maxsus ta'lim turi bo‘lib, nazariy o‘qish va ish joyida amaliy stajirovkani birlashtiradi.
Source: www.gazeta.uz