Toshkent shahar hokimligi xabariga ko‘ra, Davletiyar Xudaybergenov poytaxt hokimining moliya-iqtisodiy rivojlanish va qashshoqlikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Davletiyar Baxtiyarovich Xudaybergenov 1990-yilda Nukusda tug‘ilgan. 2013-yilda Toshkent davlat yuridik institutining bakalavriatini, 2015-yilda esa magistraturani tamomlagan. 2024-yilda Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetida qayta tayyorlovdan o‘tgan, 2025-yilda O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasining magistraturasini bitirgan.
Mehnat faoliyatini 2014-yilda boshlagan. Prezident Administratsiyasida ishlagan, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar, yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotishda bozor mexanizmlarini joriy etish, sanoat korxonalarining eksport salohiyatini oshirish, qurilish va kommunal soha hamda hududlarni rivojlantirish bilan shug‘ullangan. So‘nggi vaqtgacha Prezident Administratsiyasining Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil departamenti boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
Hokimning birinchi o‘rinbosari lavozimi 2026-yil fevral oyidan buyon bo‘sh turgan edi, o‘shanda Baxtiyor Xaydarov Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi rahbari etib tayinlangan edi.
Shuningdek, Alisher Ismatillayevich Dusmuxamedov Toshkent hokimining axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘rinbosari – Raqamli rivojlanish departamenti rahbari etib tayinlandi.
Alisher Dusmuxamedov 1981-yilda Toshkentda tug‘ilgan. 2002-yilda Toshkent elektrotexnika va aloqa institutini, 2006-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2013-yilda O‘zbekiston Strategik tahlil va prognozlash oliy maktabini, 2021-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2003-yilda boshlagan, bir qator mas’ul lavozimlarda ishlagan. 2023-yil 29-martdan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kiberxavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
U bu lavozimda 2022-yildan buyon ishlab kelgan Aleksey Xenni almashtirdi.
Source: kun.uz