Namangan viloyatida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi Ulug‘bek Askarov uch yoshli bolani suvdan olib chiqib, uning hayotini saqlab qoldi. Voqea Davlatobod tumanidagi “Katta Namangan” kanalida yuz berdi.
Navbatchilikdan uyiga qaytayotgan xodim kanalda kuchli oqim bilan ketayotgan bolani ko‘rib, bir zumda suvga otildi. Tezkor harakat va professionallik tufayli bola qirg‘oqqa olib chiqildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, qutqarish lahzasi yaqin atrofdagi uylardan birining kuzatuv kamerasi tomonidan yozib olingan. Hozirda bolaning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.
Avvalroq FVV favqulodda vaziyatlarda fuqarolarning hayotini saqlab qolayotgan qahramon-qutqaruvchilarga bag‘ishlangan videorolikni e’lon qilgan edi.
Source: podrobno.uz