O‘zbekiston Respublikasining shimoliy va voha hududlarida joriy hafta davomida g‘ayritabiiy issiq ob-havo kuzatilishi prognoz qilinmoqda. “O‘zgidromet” va xalqaro ob-havo markazlari ma’lumotlariga ko‘ra, seshanbadan boshlab Qoraqalpog‘iston, Xorazm viloyati, Qizilqum cho‘llari va boshqa hududlarda havo harorati me’yordan 8 daraja yuqori ko‘tarilib, kunduzlari +30°C va undan yuqori darajalarga yetishi mumkin. Bu aprel o‘rtalariga xos bo‘lgan ob-havo sharoitlari, shimol tomonlarda esa aprel oxiridagi issiqlikni eslatadi.
Hafta davomida deyarli yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat 26-mart kuni shimol, Buxoro, Navoiy viloyatlari va tog‘li hududlarda qisqa muddatli chaqmoq-momaqaldiroq xususiyatli yog‘inlar bo‘lishi mumkin. Tog‘li joylarda do‘l yog‘ishi ehtimoli mavjud. Yog‘ingarchilik asosan Buxoro cho‘llari, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari ayrim hududlari hamda Andijon sharqiy tumanlarida kuzatilishi prognoz qilingan, ammo ularning quvvati past bo‘ladi.
Issiq havo oqimlari Turkmaniston hududlaridan kirib kelishi natijasida hafta o‘rtalarida harorat yana ko‘tariladi. Tungi harorat qiymatlari ham asta-sekin oshib, +10…+15°C oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda. Cho‘llarda kuchli shamollar esishi, 28-mart kuni esa ko‘plab viloyatlarda shamol tezligi soniyasiga 20 metrgacha yetishi mumkin, bu changli havolar va ifloslanishning kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Yuqori harorat va namlikning ko‘payishi surunkali kislorod yetishmovchiligi, arterial giporteniya, yurak ishemik kasalliklari, nafas olish va o‘pka kasalliklari bo‘lgan bemorlar uchun salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. 25-27-mart kunlari kunduzi havodagi kislorodning kamayishi, atmosfera bosimining pasayishi bosh og‘rig‘i va umumiy lanjlikni keltirib chiqarishi mumkin. Shifokorlar bilan maslahatlashish, nafas olish mashqlari, sovuq suv muolajalari va yurak-qon tomir faoliyatini rostlovchi dori-darmonlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Bioiqlimiy sharoitlar respublikaning katta qismida tungi va tonggi vaqtlarda qulay bo‘lishi kutilmoqda, ammo voha, shimol va janub viloyatlarida kunduzi yuqori harorat tufayli noqulayliklar yuzaga kelishi mumkin. Hafta o‘rtalarida yengil kiyimlarni kiyish mumkin, chunki kechki va tungi vaqtlarda ham harorat nisbatan yuqori bo‘ladi. Juma kuni voha va shimol tomondagi aholi issiqlik stressiga duchor bo‘lishi mumkin.
Kosmik ta’sirlar nuqtai nazaridan, o‘tgan hafta oxirlari va dushanba kuni qizil xavf darajasidagi magnit bo‘ronlari kuzatilgan, ammo yaqin kunlar uchun xalqaro geofizika markazlari kuchli qo‘zg‘alashlarni prognoz qilmagan. Qozog‘istondagi Ionosfera instituti haftaning ish kunlari uchun “yashil” xavf darajasidagi geomagnit bo‘ronlarini kutilayotganligini bildirgan. Magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik prognozlarga tayanib tuzishlari tavsiya etiladi.
Source: www.gazeta.uz