Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonlik 11 yoshli Yasmina Husniddinova dunyoning eng nufuzli iste’dodlar tanlovlaridan biri — Britain’s Got Talent (BGT) loyihasining 19-mavsumi kastingida ishtirok etdi. Uning chiqishidan parchalar 24-mart kuni shouning rasmiy YouTube kanalidagi “BGT Unseen” ruknida namoyish etildi. Yasmina sahna oldida o‘zini qisqacha tanishtirib, Buyuk Britaniyaga O‘zbekistondan oilasi bilan birga kelganini aytdi va “Eng buyuk shoumen” filmidagi “Never Enough” qo‘shig‘ini ijro etishni tanladi.

Yosh xonandaning ijrosi nafaqat tomoshabinlar, balki hakamlar hay’atining ham hayratiga sabab bo‘ldi. Hakamlar uning yoshiga nisbatan g‘ayrioddiy vokal texnikasini alohida ta’kidladilar. Amanda Xolden: “Ovoz kuchi va nazorati shunchaki g‘ayritabiiy darajada edi. Tabriklayman!” deb izoh berdi. Alisha Dikson esa ijrodagi dinamikaga e’tibor qaratib: “Sen sokin lahzalar va kuchli qismlar o‘rtasida yaratgan kontrast menga juda yoqdi. Bu juda oqilona qaror bo‘ldi” dedi.

Hakamlar hay’atining boshqa a’zolari, jumladan KSI ham Yasminaning murakkab yuqori notalarni uzoq vaqt ushlab turish qobiliyatiga qoyil qolganliklarini bildirdilar. Natijada maktab o‘quvchisi to‘rtta “ha” ovozini olib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi bu voqeani e’lon qilib, Yasminani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi va uni Britaniya shousida chiqish qilgan birinchi o‘zbekistonlik iste’dod sifatida ta’rifladi.

Yasmina Husniddinova uchun bu katta sahnadagi birinchi muvaffaqiyat emas. 2024-yilda u “Ovoz. Bolalar” birinchi mavsumining eng yorqin ishtirokchilaridan biriga aylangan va finalda uchinchi o‘rinni egallagan. Shuningdek, Toshkentlik maktab o‘quvchisi Italiyada o‘tkazilgan Sanremo Junior 2025 tanlovining Gran-pri sovrindori hamdir. Endi esa u butun dunyo bo‘ylab millionlab tomoshabinlar kuzatib boradigan Britaniya shousining bosh sovrini uchun kurashni davom ettirmoqda.

Source: www.gazeta.uz