Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida bank xodimi mijozni o‘ldirgani haqida Bosh prokuratura Gazeta’ga ma’lum qildi. 31-mart kuni soat 08:14 da O‘zbekiston tumani “Afg‘on” MFYda yashovchi fuqaro viloyat IIB navbatchilik qismining 102 raqamiga murojaat qilib, jiyani S.E.ning 30-mart kuni Qo‘qon shahridagi tijorat bankiga shartnoma tuzish uchun borib, qaytib kelmaganini ma’lum qilgan va uni topishda yordam so‘ragan.

Mazkur xabar asosida hodisa joyi tezkor-tergov guruhi tomonidan mutaxassislar ishtirokida ko‘zdan kechirilib, tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan. Tergovga qadar tekshiruv davomida bankning kredit bo‘limi mutaxassisi A.T. iqrorlik ko‘rsatuvi bergan. Unda aytilishicha, bedarak yo‘qolgan S.E. 30-mart kuni aksiya doirasida avtomashina uchun kredit olish maqsadida bank filialiga kelgan va ular filialda o‘zaro tortishib qolgan, soat 13:00 gacha birga bo‘lgan.

Shundan so‘ng ular S.E.ga tegishli Tracker avtomobili ichida gaplashib olish uchun yo‘lga chiqqan. O‘zbekiston tumani “Taraqqiyot” MFY hududiga kelgach, o‘rtada yana janjal kelib chiqqan. Iqrorlikka ko‘ra, A.T. o‘zi bilan olib yurgan oshxona pichog‘i bilan avtomashina ichida S.E.ning bo‘yin qismiga bir necha marotaba zarba berib, uni qasddan o‘ldirgan.

U marhumning jasadini avtomashina ichida qoldirib, ish joyiga qaytgan va soat 19:00 gacha ishlagan. Shundan keyin u yana avtomashinasida Katta Farg‘ona kanalining O‘zbekiston tumani “To‘lash” mahallasi hududidan oqib o‘tgan qismiga borib, jasadni suvga tashlab yuborgan. Shuningdek, u jinoyatni yashirish maqsadida avtomashinasini Qo‘qon shahriga olib borib, nam salfetkalar yordamida tozalaganini, qon bilan ifloslangan oshxona pichog‘i, avtomashina poligi va salfetkalarni yo‘l bo‘yidagi chakalakzorga tashlab yuborganini bildirgan.

Hozirda FVV Farg‘ona viloyati boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida S.E.ning jasadini qidirish ishlari olib borilmoqda. Mazkur holat yuzasidan 31-mart kuni Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan A.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Source: www.gazeta.uz