Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

16-aprel kuni o‘zbek blogeri Temurmalik Tojiddinzoda otasining Samarqand shahri Ichki ishlar boshqarmasi (IIB) xodimlari tomonidan Samarqand tumani ruhiy xastalar shifoxonasiga olib borilganidan so‘ng vafot etganini e’lon qilib, ijtimoiy tarmoqlarda post yozdi. U huquqni muhofaza qiluvchi organlardan holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishlarini talab qildi.

Tojiddinzoda yozishicha, otasi so‘nggi paytlarda alsgeymer kasalligi bilan og‘rib kelgan va oila a’zolari tomonidan uy sharoitida parvarishlab kelingan. Biroq, 10-aprel kuni otasi “sirli ravishda g‘oyib bo‘lgan”. Bloger bir sutkadan so‘ng otasini Samarqand shahri IIB xodimlari tomonidan Samarqand tumani ruhiy xastalar shifoxonasiga olib borib qo‘yganini aniqlagan.

“Bundan jahlimiz chiqib, o‘sha kunning o‘zidayoq otamni uyga olib keltirmoqchi edik, biroq ish kunlari tugagani sababli (shanba kuni edi), u yerdagi shifokorlar bizga bemorni faqatgina dushanba kuni boshliqning ruxsati bilan qo‘yib yuborishini aytib berishmadi. Dushanba kuni erta sahar bilan olib keldik. Ammo, uning ahvoli o‘sha paytda o‘ta og‘ir edi. Shifoxonadagi „qassob“ shifokorlar otam qoniga o‘ta kuchli ta’sir qiluvchi preparatlarni yuborgan va u uyiga qaytganidan keyin bir sutka davomida o‘ziga kelmay yotib, oxiri 14-aprel, seshanba kuni halok bo‘ldi”, deb yozadi bloger.

Tojiddinzoda postida bir qator talab va savollarni qoldirgan: “Otam qanday qilib ruhiy shifoxonaga tushib qoldi? Uni kim u yoqqa olib bordi va nima uchun oila a’zolarini bundan xabardor qilmadi? Otamni kim va qanday preparatlar bilan uning o‘limiga olib keluvchi ukollar qildirdi? Ekspertiza javoblari chiqquncha holat keyinchalik yopdi-yopdi bo‘lib ketmasligiga kafolatlar kerak. Qaysidir bir kichik xodim arzimas jazo olib, voqea bosti-bosti bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Samarqand tumanidagi ruhiy xastalar shifoxonasi faoliyati tubdan qayta ko‘rib chiqilishi va undagi ish jarayoni hamda xodimlar malakasiga tegishli huquqiy va professional baho berilishi lozim.”

Bosh prokuratura matbuot xizmati holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Marhumning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Idora xabarida: “Tekshirish harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishi ta’minlanib, natijalariga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinadi”, deyilgan.

Source: www.gazeta.uz