Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari sun'iy intellekt (SI) texnologiyalarining joriy etilishi, agar maqsadli davlat siyosati amalga oshirilmasa, O'zbekistonda hududlar o'rtasidagi tabaqalashuv va daromadlar tengsizligini kuchaytirishi mumkinligini ma'lum qildi.

2025-yilgi Government AI Readiness Index bo'yicha O'zbekiston 56,11 ball bilan jahonda 62-o'rinni egallagan. Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa Qozog'istondan (56,70 ball, 58-o'rin) keyin ikkinchi o'rinda turibdi. Biroq mamlakatda infratuzilma notekis taqsimlangan: aholining atigi 66 foizi 4G imkoniyatidan foydalana oladi, bu asosan yirik shaharlarda jamlangan.

Kichik va o'rta biznes korxonalari (KO'B) mamlakatdagi jami korxonalarning 92 foizini tashkil etadi, bandlikning 75 foizini ta'minlaydi va YAIMning yarmidan ko'pini ishlab chiqaradi. Biroq ularning kapital hajmi cheklangan, bu esa hisoblash resurslari va malakali mutaxassislarga ega bo'lish imkoniyatini pasaytiradi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, hozirda dunyo bo'ylab KO'Blarning atigi 31 foizi GenAI dan foydalanadi.

Yana bir muammo — gender tafovuti: IT yo'nalishidagi talabalar orasida ayollarning ulushi bor-yo'g'i 11 foizni tashkil etadi. Bu esa SI texnologiyalaridan foydalanishda ayollarning imkoniyatlarini cheklashi mumkin.

Xalqaro valyuta jamg'armasi ma'lumotlariga ko'ra, dunyo bo'ylab ish o'rinlarining qariyb 40 foizi SI ta'siriga duch kelmoqda. Rivojlangan mamlakatlarda bu ko'rsatkich 60 foizga, past daromadli mamlakatlarda esa 26 foizga yetadi. Jahon iqtisodiy forumining prognoziga ko'ra, 2030-yilga kelib ish beruvchilarning 86 foizi SI biznes jarayonlarini tubdan o'zgartirishini kutmoqda.

MHTI mutaxassislari ta'kidlashicha, O'zbekiston uchun asosiy xavf ish o'rinlarining ommaviy qisqarishi emas, balki turli kasblar mehnat unumdorligidagi farqlarning tezlashishi tufayli daromadlar va imkoniyatlar o'rtasidagi tafovutning kengayishidir. Ular SI ni joriy etishda inklyuziv yondashuv zarurligini, ya'ni barcha ijtimoiy qatlamlar uchun ochiq bo'lishi kerakligini uqtiradi.

Institut SI ning salbiy ta'sirini yumshatish uchun bir qator chora-tadbirlarni taklif qiladi: har bir mahallada SI yordamchilarini joriy etish (Xitoy va Janubiy Koreya tajribasi asosida), hududiy SI sinov maydonchalarini tashkil etish (Buyuk Britaniya tajribasi), ayollar va yoshlar uchun amaliyot dasturlari (Singapur tajribasi), shuningdek, SI ta'siriga uchragan xodimlar uchun sug'urtalash mexanizmlarini joriy etish.

Source: www.gazeta.uz