Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida 25-aprel kuni soat 17:40 larda KHAY ko‘chasida og‘ir yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. 38 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Cobalt avtomobili yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tayotgan 78 yoshli piyodani urib yuborgan.

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida piyoda olgan tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan. Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar barcha yo‘l harakati qatnashchilarini qoidalarga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. Avvalroq Surxondaryoda hujjatsiz Cobalt boshqargan talaba qiz YTH sodir etib, mashina daryoga tushib ketishi oqibatida uning dugonasi halok bo‘lgan edi. Sud haydovchini aybdor deb topib, 1,5 yil qamoq va 3 yilga haydovchilik huquqidan mahrum qilgan.

2025-yili O‘zbekistonda 9226 ta YTH oqibatida 2188 kishi halok bo‘lgan va 8901 kishi jarohat olgan (yil davomidagi kamayish — 1 foizdan kam). Jamoat xavfsizligi departamenti YHXX ma’lumotiga ko‘ra, har 100 ming aholiga nisbatan halok bo‘lganlar soni 2021-yildagi 6,9 nafardan 2025-yilda 5,7 nafargacha (-17%) pasaygan.

2026-yilning 3 oyida O‘zbekistonda 1102 ta YTHda 346 kishi vafot etdi. Tahlillarga ko‘ra, YTHlarning 32,9 foizi belgilangan tezlikka rioya etmaslik, 22,4 foizi svetofor talablariga amal qilmaslik, 13,6 foizi haydovchilar tomonidan piyodaga yo‘l bermaslik oqibatida sodir bo‘lgan. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tahlillariga ko‘ra, Toshkent shahrida bir sutkada o‘rtacha 22,2 ta YTH qayd etiladi. Eng ko‘p YTHlar kechki tig‘iz payt — soat 17:00—18:00 atrofida sodir etiladi va 22:00 gacha bu ko‘rsatkich yuqori saqlanib qoladi.

Source: www.gazeta.uz