Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyati Angren shahrida yuk mashinasi va bir nechta avtomobil ishtirokida og‘ir yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Viloyat IIBB xabariga ko‘ra, hodisa 26-aprel kuni soat 23:10 atrofida A373 avtomobil yo‘lining 93-kilometrida qayd etilgan.

Howo yuk mashinasi haydovchisi, 1995 yilda tug‘ilgan R.N., harakat vaqtida boshqaruvni yo‘qotib, shu yo‘nalishda harakatlanayotgan to‘rtta transport vositasiga borib urilgan. Zarba kuchidan bir nechta mashina jiddiy shikastlangan.

Oqibatda Sobalt avtomashinasida bo‘lgan 51 yoshli haydovchi I.X. va 40 yoshli yo‘lovchi Z.T. voqea joyida vafot etgan. Qolgan transport vositalaridagi 4 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan tibbiyot muassasasiga olib borilgan.

Hozirda holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Howo yuk mashinasi haydovchisi protsessual tartibda ushlangan. Uning o‘zi hodisada tan jarohati olmagan.

Tergov harakatlari davomida hodisaning aniq sabablari aniqlanmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuk mashinasi haydovchisi tezlikni oshirib yuborgan yoki charchoq holatida bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Source: www.gazeta.uz