Norvegiya hukumati 2026-yil yakunigacha parlamentga bolalarning 16 yoshga to‘lgunga qadar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonun loyihasini taqdim etadi. Bu haqda mamlakat hukumati saytida xabar berildi.
“Biz qonun loyihasini yil yakunigacha parlamentga taqdim etishni rejalashtirmoqdamiz. Ushbu qonunni bolalar bolaligicha qolishini istaganimiz uchun kirityapmiz. O‘yinlar, do‘stlik va kundalik hayot algoritmlar hamda ekranlar tomonidan siqib chiqarilmasligi kerak. Bu bolalarning raqamli hayotini himoya qilish uchun muhim choradir”, — dedi Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore.
Hukumat aynan qaysi ilovalar taqiq ostiga tushishiga aniqlik kiritmadi. Yosh chegarasini bola 16 yoshga to‘ladigan yilning 1-yanvaridan boshlab belgilash taklif qilinmoqda.
Foydalanuvchilarning yoshini tekshirish uchun javobgarlik texnologik kompaniyalar zimmasiga yuklanadi. “Bolalar o‘zlariga taqiqlangan platformalardan foydalanmaslik uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga ololmaydi. Bu mas’uliyat ushbu xizmatlarni taqdim etayotgan kompaniyalar zimmasiga tushadi”, — dedi Norvegiya raqamlashtirish va davlat boshqaruvi vaziri Karianne Tung.
Norvegiya rasmiylari bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejasini ikki yil avval e’lon qilgan edi. Dastlab 15 yoshgacha bo‘lgan chegara muhokama qilingan.
16 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash chorasini ilk bor 2025-yil dekabrida Avstraliya joriy etgandi. Bunga o‘xshash choralar qator davlatlar, jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya va Daniyada ham ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, Turkiya ham ijtimoiy tarmoqlarga kirishni cheklashni rejalashtirmoqda — mamlakat parlamenti 22-aprel kuni tegishli qonun loyihasini ma’qulladi.
Source: www.gazeta.uz