“Ezgu Amal” xayriya jamg‘armasi 2025-yilda kelib tushgan mablag‘lar hajmi kamayganiga qaramay, 596 nafar bolaning davolanishiga yordam ko‘rsatdi — bu o‘tgan yilgiga nisbatan deyarli ikki baravar ko‘pdir. Qamrovning oshishiga strategiyaning o‘zgartirilgani sabab bo‘ldi: jamg‘arma dori-darmon ta’minoti va mamlakat ichida davolashga e’tibor qaratdi.
Jamg‘arma ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda 306 ta murojaat bo‘yicha yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 596 tani tashkil etdi. Shu bilan birga, kelib tushgan mablag‘larning umumiy hajmi kamaydi: agar 2024-yilda jamg‘armaga qariyb 9,98 mlrd so‘m kelib tushgan bo‘lsa, 2025-yilda bu miqdor 9,27 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Jamg‘arma mablag‘larni taqsimlashga bo‘lgan yondashuvini qayta ko‘rib chiqqanini va asosiy tibbiy yordamga urg‘u berganini ma’lum qildi. Bu esa qo‘llab-quvvatlashdan foydalanuvchilar sonini kengaytirish imkonini berdi.
Ilgari budjetning salmoqli qismi ayrim bemorlarning xorijdagi qimmatbaho davolanishiga yo‘naltirilar edi. 2025-yilda jamg‘arma dori-darmonlar xarid qilish, mamlakat ichida davolash va diagnostika o‘tkazishni, shuningdek, tibbiyot muassasalarini qo‘llab-quvvatlashni ko‘proq moliyalashtira boshladi. “Ezgu Amal” vakillarining ta’kidlashicha, bunday yondashuv oilalar ehtiyojlariga tezkorlik bilan javob berish va ko‘proq bolalarga yordam ko‘rsatish imkoniyatini yaratdi.
Jamg‘arma mablag‘lari yuridik va jismoniy shaxslarning xayriyalari, shuningdek, to‘lov tizimlari va maxsus xayriya qutilari orqali shakllantiriladi. 2025-yilda tushumlarning eng katta ulushi jismoniy shaxslarning xayriyalari va xayriya qutilari hissasiga to‘g‘ri keldi.
2025-yilda xarajatlarning asosiy qismi vasiylikdagi bolalarni dori-darmonlar bilan ta’minlashga yo‘naltirildi — bu maqsadlar uchun 3,9 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Yana 1,3 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ xorijdagi tibbiy xizmatlar to‘loviga, qariyb 1,04 mlrd so‘m esa mamlakat ichidagi davolanishga sarflandi. Shuningdek, mablag‘lar jamg‘arma loyihalariga, hospisni qo‘llab-quvvatlashga, klinikalarga yordam berishga va tadbirlar o‘tkazishga ham yo‘naltirildi. Umuman olganda, jamg‘armaning o‘tgan yilgi xarajatlari 10 mlrd so‘mdan oshdi.
Jamg‘arma faoliyati bolalar va ularning oilalarini tibbiy, ijtimoiy va psixologik qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir nechta asosiy dasturlar orqali amalga oshiriladi.
Davolab bo‘lmaydigan kasalliklarga chalingan bolalar va ularning oilalariga hospis hamda palliativ yordam ko‘rsatish asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ushbu dastur doirasida jamg‘arma “Taskin” bolalar hospisi tibbiyot xodimlariga yordam beradi, bolalar va ota-onalar uchun psixologik ko‘mak tashkil etadi, bemorlarni davolash va kuzatib borish bilan bog‘liq transport xarajatlarini qoplaydi, shuningdek, oilalarga qulay sharoitlar yaratishda, jumladan, ularni oziq-ovqat, gigiyena vositalari va zarur maishiy anjomlar bilan ta’minlashda ishtirok etadi.
Yana bir dastur shoshilinch moliyaviy yordamga muhtoj, onkologik va boshqa og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarga individual yordam ko‘rsatishga qaratilgan. Jamg‘arma dori-darmonlar xarid qilish, diagnostika, davolanish, operatsiya va protezlash to‘lovlarida yordam beradi, shuningdek, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarga manzilli ko‘mak ko‘rsatadi.
Faoliyatning yana bir yo‘nalishi bolalar onkologiyasi sohasidagi klinikalarni qo‘llab-quvvatlash va tibbiy infratuzilmani rivojlantirish bilan bog‘liq. Jamg‘arma bo‘limlarni zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlaydi, ta’mirlash ishlarida hamda bolalar va ota-onalar uchun yanada qulay sharoitlar yaratishda ishtirok etadi, tibbiyot muassasalarini sarflov materiallari bilan ta’minlaydi va tibbiyot mutaxassislarining malakasini oshirishga ko‘maklashadi.
Bundan tashqari, o‘tgan yilning kuzida shahar bolalar psixonevrologiya markazida bolalar uchun sharoitlarni yaxshilashga muvaffaq bo‘lindi. Loyiha doirasida muassasa yangi jihozlar va mebellar bilan ta’minlandi, markaz hududida esa yangi sport maydonchasi barpo etildi.
Jamg‘arma shuningdek, vasiylikdagi bolalar uchun ko‘ngilochar va reabilitatsiya tadbirlarini tashkil etish dasturini ham amalga oshiradi. Bu tadbirlar bolalar va ularning oilalarini hissiy qo‘llab-quvvatlashga, stress darajasini kamaytirishga va uzoq davom etgan davolanishdan so‘ng tiklanishga yordam berishga qaratilgan.
2025-yilning yozida jamg‘arma farzandlari saraton kasalligidan davolangan oilalar uchun mamlakatdagi ilk reabilitatsiya lageri dasturini ishga tushirdi. Lagerda 21 ta oila ishtirok etdi. Bolalar uchun o‘yin va muloqot orqali tiklovchi hamda terapevtik mashg‘ulotlar, ota-onalar uchun esa psixologik yordam tashkil etildi. Onalarga alohida e’tibor qaratildi: mutaxassislar bilan ishlash ularga farzandlarini uzoq vaqt davolashdan keyingi hissiy zo‘riqishni kamaytirishga va o‘zlarining tiklanishiga e’tibor qaratishga yordam berdi.
Jamg‘armaning 2026-yilga mo‘ljallangan rejalari orasida tibbiy asbob-uskunalar xarid qilish, hospisda sensor xona tashkil etish, reabilitatsiya lagerini o‘tkazish va oilalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini rivojlantirish bor.
“Ezgu Amal” jamoat fondi 2018-yilda O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Fondning asosiy vazifasi onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalarga o‘z vaqtida va tizimli yordam ko‘rsatib, ularni davolanish, qo‘llab-quvvatlash hamda munosib hayot sifati bilan ta’minlashdan iborat.
Source: www.gazeta.uz