Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq jami 198 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi.
Ushbu hodisalarning 9 tasi guruhiy, 139 tasi og‘ir oqibatli, 49 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan. Jami jabrlanganlar soni 223 nafarni tashkil etgan bo‘lib, ulardan 146 nafari og‘ir, 15 nafari yengil jarohat olgan, 62 nafar fuqaro esa vafot etgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p baxtsiz hodisalar Toshkent shahrida (44 ta) va Surxondaryo viloyatida (36 ta) qayd etilgan. Toshkent viloyatida 29 ta, Navoiy viloyatida 18 ta holat kuzatilgan. Eng kam ko‘rsatkichlar Xorazm va Jizzax viloyatlarida – 5 tadan qayd etilgan.
Sohalar bo‘yicha baxtsiz hodisalarning asosiy qismi sanoat (71 ta) va qurilish (54 ta) tarmoqlariga to‘g‘ri keladi. Qolgan holatlar qishloq va suv xo‘jaligi (9 ta), transport (8 ta), savdo va xizmat ko‘rsatish (8 ta), sog‘liqni saqlash (4 ta) hamda ta’lim (6 ta) sohalarida qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda respublikada 849 ta ishdagi baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan, 248 kishi vafot etgan, yana 680 nafari og‘ir jarohatlangan. Hodisalar bo‘yicha 432 nafar mansabdorga jinoiy chora ko‘rilgan. Eng ko‘p holatlar qurilish sohasida yuz bergan, hududlar bo‘yicha Toshkent shahri yetakchi bo‘lgan.
Source: www.gazeta.uz