Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Migratsiya agentligi xabariga ko‘ra, Fransiya bilan qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi. Delegatsiya tarkibiga Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi vakillari kirgan.

Fransiya Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi (FNSEA) bilan tuzilgan kelishuvga ko‘ra, o‘zbekistonliklar uzumzorlarda mavsumiy ishlarga jalb qilinadi. Joriy yilning yoz oylaridan boshlab pilot loyiha doirasida 50 nafar nomzod Fransiyaga yuboriladi.

Shuningdek, Sélect Recruiting Service tashkiloti bilan nomzodlarni saralash va ishga joylashtirish bo‘yicha bitim imzolangan. CFA AC Paris kompaniyasi bilan esa “ta’lim + ish” formatida hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, restoran sohasida o‘qish va ishlash imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda.

Kelishuvlarni amalga oshirish uchun Fransiyaning Tashqi ishlar, Ichki ishlar va Ta’lim vazirliklari, France Travail davlat bandlik xizmati, CCI Île-de-France savdo-sanoat palatasi hamda AP-HP Parij davlat shifoxonalari xizmati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish va xorijda yuqori haq to‘lanadigan ishlar uchun kadrlar tayyorlashni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Xorijdan 100 mingdan ortiq mutaxassisga talabnoma kelib tushgan. Hukumat til o‘rganish va imtihonlar xarajatlarini qoplashni taklif qilmoqda.

20-aprel kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda mavsumiy ish yo‘nalishlarini kengaytirish zarurligi qayd etilib, AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya va Koreya bilan 12 ta yangi xalqaro bitim asosida hamkorlikni rivojlantirish topshirilgan.

Source: www.gazeta.uz