Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda turizm sohasidagi yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va xizmatlar shaffofligini ta’minlash maqsadida prezident qarori loyihasi jamoat muhokamasiga qo‘yildi. Hujjat Soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda barcha turistik joylashtirish vositalari, jumladan, yozgi uylar uchun yagona elektron baza yaratish nazarda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, joylashtirish vositalariga vaqtincha yashash uchun mo‘ljallangan yakka tartibdagi turar joy binolari yoki uy-joylar kiradi. Ularda turistlardan turistik yig‘im undirilmaydi, xizmat ko‘rsatish uchun alohida litsenziya yoki ruxsatnoma talab qilinmaydi.

2027-yil 1-yanvardan boshlab barcha joylashtirish vositalari uchun Yagona milliy turistik platformada xizmatlar narxlarini joylashtirish majburiy bo‘ladi. Bu chora turizm sohasidagi noqonuniy faoliyatni kamaytirish va davlat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan.

Shuningdek, loyihada Turizm qo‘mitasi va Soliq qo‘mitasiga uch oy muddatda platformaga kiritilmagan joylashtirish vositalari va turistik yozgi uylar haqida xabar bergan jismoniy shaxslarga undirilgan jarima summasining 30 foizi miqdorida mukofot to‘lash tartibini ishlab chiqish topshirilgan. Xabar bergan shaxsning maxfiyligi kafolatlanadi.

Loyiha muhokamasi 2026-yil 7-maygacha davom etadi.

Source: kun.uz