Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida xalqaro aeroportni rivojlantirish konsepsiyasi taqdimoti bilan tanishdi.
Hozirgi terminal 30 yildan ortiq vaqtdan beri foydalanilmoqda. Uning o‘tkazish qobiliyati, yo‘lovchilar uchun qulaylik darajasi, shuningdek, aviatsiya va noaviatsiya xizmatlarini rivojlantirish imkoniyatlari zamonaviy talablarga to‘liq javob bermaydi.
Shu munosabat bilan aeroport infratuzilmasini kompleks rivojlantirish rejalashtirilgan. Loyiha mintaqaning o‘sib borayotgan iqtisodiy faolligi va turistik oqimining ko‘payishini hisobga olgan holda parvozlar geografiyasini kengaytirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan.
Taqdimotda uchish-qo‘nish yo‘lagini uzaytirish va kengaytirish, aerodrom infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yangi yo‘lovchi va yuk terminallarini qurish masalalari ko‘rib chiqildi.
Taxminan 20 ming kvadrat metr maydonga ega yangi yo‘lovchi terminali hozirgi imkoniyatlardan ikki baravar ko‘p – soatiga 1,2 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, samolyotlar uchun qo‘shimcha to‘xtash joylari yaratilib, havo kemalarini sig‘imi 10 birlikka yetkaziladi.
Yangi terminalda keng kutish zallari, zamonaviy xizmat ko‘rsatish zonalari, qulay ro‘yxatga olish va nazorat tizimlari, shuningdek, yuqori martabali mehmonlarga xizmat ko‘rsatish uchun alohida sharoitlar yaratiladi.
Davlat rahbari aeroport har qanday mintaqaning “darvozasi” ekanligini ta’kidlab, zamonaviy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish, transport va tegishli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Yangi terminalni loyihalash, qurish va keyingi boshqarishda tegishli tajribaga ega xorijiy operatorlarni jalb qilgan holda xalqaro standartlar asosida amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Source: kun.uz