Davlat xavfsizlik xizmati (DXQ) xabariga ko‘ra, Sirdaryo viloyat soliq boshqarmasining bir shu’ba boshlig‘i tadbirkordan 10 million so‘mlik tilla taqinchoqni pora sifatida olayotgan vaqtda qo‘lga tushgan.
Aniqlanishicha, soliq xodimi zargarlik buyumlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbariga nisbatan sun’iy ravishda 145 million so‘mlik jarima shakllantirgan. U tadbirkorning 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni yashirib, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganini bahona qilgan.
Soliqchi ushbu jarimani bekor qilish va kelgusida “rahnamolik” qilish evaziga tadbirkordan qiymati 10 million so‘mlik tilla taqinchoq talab qilgan. U mazkur buyumni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar berilmagan.
Source: www.gazeta.uz