Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti ijtimoiy tarmoqlarda patrul-post xizmati xodimining voyaga yetmagan qizga nisbatan ehtimoliy noqonuniy xatti-harakatlari aks etgan xabarlar tarqalganidan so‘ng tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.

Jabrlanuvchining qarindoshlari tomonidan tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 28-aprelga o‘tar kechasi Toshkent viloyati Ohangaron shahrida sodir bo‘lgan. 14 yoshli qizning ta’kidlashicha, o‘sha kuni kechqurun dugonalari bilan ko‘chada o‘tirgan vaqtida ularning oldiga Spark avtomobili kelib to‘xtagan.

“Kecha, 27-aprel kuni soat 21:00 larda dugonalarim bilan uy oldidagi o‘rindiqda o‘tirgandik. Oldimizga Spark kelib to‘xtadi va mashinaga o‘tirishimizni aytdi. Men xohlamaganim uchun rad etdim, lekin u qo‘pol ravishda o‘tirishimni buyurdi. Men uni ichki ishlar xodimi, menga hech narsa qilmaydi, deb o‘ylagandim”, — dedi u.

Qizning so‘zlariga ko‘ra, shundan so‘ng erkak ularni chekka bir joyga olib borgan. “Men mashinaga o‘tirganimdan keyin, u bizni juda uzoqdagi allaqanday tog‘li hududga olib bordi, mashinani o‘chirib, bizga shilqimlik qila boshladi. Shundan so‘ng, akam geolokatsiyani ko‘rib, o‘sha yerga yetib keldi. Yaqinda o‘sha odam menga yozib, ismimni va ishlarim qalayligini so‘radi, yana gap otmoqchi bo‘ldi”, — deya bayonot berdi qiz.

Qizning akasi, 18 yoshli Artyomning ma’lum qilishicha, avtomobilning davlat raqami 10 R077MB bo‘lgan, rulda esa, uning so‘zlariga ko‘ra, PPX xodimi o‘tirgan. “O‘zbekiston PPX xodimi mening 14 yoshli singlim bilan tungi soat 01:00 da tog‘da, mashina ichida bo‘lgan. Nima bilan shug‘ullanganini bilmayman. Yordam berishingizni, bu voqeani keng ommaga yoyishingizni so‘rayman. Bu aqlga sig‘maydigan holat. Qiz hali 14 yoshda”, — dedi u.

Artyomning so‘zlariga ko‘ra, voqea “Ohangaron shahrida, sement zavodi orqasidagi tog‘li hududda” sodir bo‘lgan. Shuningdek, u video va telefon suhbatini yozib olganini, unda erkak unga tahdid qilganini da’vo qilmoqda. “Xodim „qayerdasan, seni topib jazolayman“, deyapti. Iltimos, insoniylik yuzasidan menga yordam beringlar”, — deydi yigit.

Shuningdek, Artyom mojaro vaqtida erkak uning qo‘lini jarohatlaganini ta’kidlamoqda. “Biz videoga olayotgan vaqtimizda, men uning mashinasi eshigini ochmoqchi bo‘lganimda u qo‘limga nimadir sanchib oldi. Bu ichki ishlar xodimi tomonidan sodir etilgan pedofiliyadir. Bunga chek qo‘yishingizni so‘rayman. Bu normal holat emas. Buning oldi olinishi kerak. Uni qonun doirasida to‘liq, hatto ikki baravar qattiqroq jazolashingizni so‘rayman, chunki u — militsiya xodimi. U qonunni buzishi emas, balki himoya qilishi kerak”, — dedi qizning akasi.

Shuningdek, u Diyor ismli o‘sha xodim deb gumon qilinayotgan shaxsning Instagram’dagi suratlarini e’lon qildi.

IIV Jamoat xavfsizligi departamentining ma’lum qilishicha, ushbu xabarlar yuzasidan tekshiruv boshlangan. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, tekshiruv IIV O‘z xavfsizligi bo‘linmasi hamda prokuratura organlari tomonidan birgalikda olib borilmoqda. “Voqeaning barcha ishtirokchilari va tafsilotlari aniqlangan. Xabarlarda tilga olingan xodim xizmat vazifasini bajarishdan chetlatilgan. Bayon etilgan faktlar tasdiqlangan taqdirda, uning xatti-harakatlariga qat’iy huquqiy baho beriladi, hatto jinoiy javobgarlikka tortishgacha chora ko‘riladi”, — deyiladi xabarda.

Vazirlik ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etiladigan noqonuniy xatti-harakatlar, ayniqsa, voyaga yetmaganlarga nisbatan bo‘lgan holatlar “mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmas ekanligini va qat’iy choralar ko‘rilishiga sabab bo‘lishini” ta’kidladi.

IIV tekshiruv natijalari haqida qo‘shimcha ma’lumot berishga va’da berdi. Shuningdek, idora fuqarolardan faqat rasmiy ma’lumotlarga tayanishni so‘radi.

Source: www.gazeta.uz