Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Samarqand viloyati Payariq tumanida siqilgan gaz bozorida raqobatga qarshi harakatlarni aniqladi.
Fuqarolardan tushgan murojaatlarga ko‘ra, tumandagi avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shoxobchalarida (ASGTSH) gaz narxlari asossiz ravishda oshirilgan va qo‘shni tumanlarga nisbatan qimmat bo‘lgan. Shu sababli qo‘mita tomonidan o‘rganish ishlari boshlangan.
Monitoring va so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Payariq tumanidagi 12 ta ASGTSHdan 11 tasida 2026-yil 5-yanvardan boshlab 1 metr kub siqilgan gaz narxi bir vaqtning o‘zida o‘rtacha 300 so‘mga oshirilgan. Ushbu shoxobchalar 8 ta MCHJlar tasarrufida ekani ma’lum bo‘ldi: “Temur-Bek”, “Sadaf Agro Servis”, “Raqobat Eko Gaz Servis”, “Jaxongir Prestij”, “Xudoyberdi Ramziddin Avtogaz”, “Amirxon Gaz Servis”, “Al-Asadbek Gaz Petrol Invest” va “Baxrin Gaz Oil”.
Qo‘shni tumanlarda esa gaz narxlari o‘rtacha darajada sotilayotgan bir paytda, Payariqdagi ushbu subyektlarda narxlar sun’iy ravishda ko‘tarilgani tasdiqlangan. Qo‘mitaning hududiy boshqarmasi maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga asosan raqobatga qarshi muvofiqlashtirilgan harakatlar sodir etilganligi yuzasidan ish qo‘zg‘atilgan.
Ish yakunida moliyaviy jarima qo‘llash va qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil fevralida Buxoro viloyatida 47 ta gaz shoxobchasi narxlarni sun’iy oshirgani aniqlanib, 44 ta subyektga nisbatan jarima qo‘llanilgan edi.
Source: www.gazeta.uz