Toshkent shahri Yashnobod tumani, Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘yida joylashgan omborxona binosida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda binodan ulkan qora tutun chiqayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in Qo‘yliq mavzesidagi “Gumbaz” qurilish materiallari bozori yaqinida yuz bergan.
Yong‘in haqidagi xabar 29-aprel kuni soat 17:05 da kelib tushgan. Soat 17:08 da qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yetib kelib, yong‘inni bartaraf etishga kirishgan.
Yong‘in soat 17:30 da qurshab olingan va 17:47 da o‘chirilgan. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qildi.
Hodisa oqibatida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Yong‘inning kelib chiqish sabablari aniqlanmoqda.
Source: www.gazeta.uz