O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning may oyi beqaror ob-havo bilan boshlanadi. Oyning birinchi besh kunligida respublika hududi bo‘ylab ba’zi joylarda momaqaldiroq va kuchli shamol bilan qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘ishi mumkin. Havo harorati kechalari +13…+18 daraja, kunduz kunlari esa +22…+27 daraja atrofida bo‘ladi.
Oy davomida harorat asta-sekin ko‘tariladi: kechalari +13…+18 darajadan +18…+23 darajagacha, kunduz kunlari +25…+30 darajadan +30…+35 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +36…+38 darajagacha o‘zgarib turadi. Ayrim kunlarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar kuzatilishi mumkin.
Bu yilgi may oyining o‘rtacha oylik harorati iqlimiy me’yordan 1,5–2 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda. May oyi aprelga nisbatan 4–6 daraja iliqroq bo‘ladi. Respublika hududining katta qismida kunduzgi o‘rtacha harorat oyning birinchi yarmida +24…+27 daraja, ikkinchi yarmida +28…+31 darajani tashkil etadi.
Meteorologik kuzatuvlar tarixida may oyi uchun mutlaq maksimal harorat +38…+41 daraja, shimol, janub va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda +43…+45 darajagacha yetgan. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiy cho‘l hududlarida may oyidagi harorat rekordlari 2020, 2021 va 2025-yillarda yangilangan. Toshkentda eng yuqori may harorati +39,9 daraja (o‘tgan asr boshlari), 2025-yilda esa +39,5 daraja qayd etilgan.
May oyida yog‘ingarchilik miqdori mart va aprelga nisbatan uchdan bir hissaga kam: hududning katta qismida 20–45 mm, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 50–90 mm, ba’zi joylarda 100–120 mm gacha. Eng kam yog‘ingarchilik shimoli-g‘arbda, cho‘l hududlarda va janubda – 10–17 mm. Yomg‘irlar odatda qisqa muddatli, momaqaldiroq va kuchli shamol bilan kechadi.
So‘nggi yillarda 2025-yil mayi eng quruq, 2022 va 2024-yillar esa eng nam bo‘lgan. Toshkentda 1998-yil mayi eng seryog‘in (100 mm, me’yor 41 mm), Buxoroda esa o‘sha oyda atigi 1 mm yog‘in tushgan. Har 2–3 yilda bir marta kuchli jala kuzatiladi, bir necha soatda oylik me’yorining 50% va undan ko‘prog‘i yog‘ishi mumkin.
Toshkentda bir kecha-kunduzdagi maksimal yog‘ingarchilik 50 mm (1895-yil 28-may), so‘nggi 30 yilda eng kuchli jala 1994, 1999 va 2002-yillarda (30–35 mm) qayd etilgan. 2014-yil 29-mayda 29 mm yog‘in tushgan, bu deyarli butun oylik me’yorni tashkil etgan. Tog‘li hududlarda ba’zi yillari bir kecha-kunduzda 100–120 mm gacha yog‘in kuzatilgan.
Source: www.gazeta.uz