1-apreldan O‘zbekistonda alkogol va tamaki, yoqilg‘i, qimmatbaho xaridlar, transport va uy-joy hamda ba’zi davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni naqd shaklda qabul qilish to‘xtatilgandi. Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bu qarorning iqtisodiyotga ta’siri qanchalik sezilayotgani haqidagi savolga javob berdi.
“Naqdsiz hisob-kitoblarga o‘tishda qandaydir salbiy ta’sirini ko‘rganimiz yo‘q. Bu bo‘yicha statistikani ham e’lon qilib boryapmiz. Hisob-kitoblarning 90 foizdan ortig‘i odamlar avvaldan ishlatib kelgan kartalar orqali amalga oshirilmoqda. Kuniga 1 mlnga yaqin odam yoqilg‘i quyish shoxobchalarida to‘lovlarni amalga oshiradi. Shundan 900−920 mingi hech qanday o‘zgarishni sezgani yo‘q”, — dedi u.
Ishmetovning qo‘shimcha qilishicha, regulyator ba’zi odamlar uchun noqulaylik tug‘ilgani nuqtai nazaridan infratuzilma bo‘yicha ishlarni amalga oshirmoqda va buni davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank 1-apreldan boshlab yonilg‘i quyish shoxobchalaridagi to‘lovlar qaysi vositalar yordamida amalga oshirilayotgani bo‘yicha ma’lumot bergandi. Unga ko‘ra, 1−22-aprel oralig‘ida “zapravka”lardagi o‘rtacha kunlik tushum 113,1 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Kunlik o‘rtacha tranzaksiyalar soni esa 951,4 mingtani tashkil etmoqda.
Regulyator bergan ma’lumotlarga ko‘ra, to‘lovlarning 92,9 foizi fuqarolar avvaldan egalik qilib kelgan kartalar orqali amalga oshirilgan. 4,9 foiz to‘lovlar uchun moment kartalardan, 2,2 foiz to‘lovlar uchun esa yoqilg‘i kartalaridan foydalanilgan.
Elatib o‘tamiz, Gazeta avvalroq ayrim operatsiyalar bo‘yicha majburiy naqdsiz hisob-kitoblarni joriy etish jamoatchilikda qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish zarurati haqida savollar ham uyg‘otayotgani haqida yozgandi. Xususan, amaldagi normalar naqd va naqdsiz to‘lov shakllarining tengligini nazarda tutadi.
Jumladan, Fuqarolik kodeksida shunday deyilgan: “So‘m yozib qo‘yilgan qiymati bo‘yicha qabul qilinishi shart bo‘lgan qonuniy to‘lov vositasidir. To‘lovlar naqd pul bilan va naqd pulsiz hisob-kitoblar tarzida amalga oshiriladi”.
Xuddi shunday norma Markaziy bank to‘g‘risidagi qonunda ham mavjud: “To‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi hududida naqd pul yoki naqd pulsiz hisob-kitoblar tarzida amalga oshiriladi”. Ayni vaqtda esa yangi cheklovlar ayrim tovarlar va xizmatlar toifalari uchun amalda naqdsiz to‘lovni majburiy qiladi.
Huquqiy jihatdan bu qonunlar darajasida aniqlashtirish yoki qo‘shimcha tartibga solish zaruratini anglatishi mumkin, chunki Fuqarolik kodeksi va Markaziy bank to‘g‘risidagi qonun normalari qonunosti hujjatlariga (prezident va hukumat qarorlariga) nisbatan yuqori maqomga ega.
Source: www.gazeta.uz