Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Denov shahrida kunduzi ota-bolani do‘pposlab, hushidan ketkazib, mashinaga bosib olib ketishgani aytilgan xabar tarqaldi.
Videola uch kishi gaplashib turgani, so‘ngra ulardan birini orqadan kelgan kishi urib yiqitgani, yana birini ikki kishi bo‘lib do‘pposlab, majburlab mashinaga solishgani ko‘rinadi. Keyinroq xushidan ketib o‘ziga kelgan odamni ham mashinaga mindirishgan.
Viloyat IIB holat yuzasidan munosabat bildirarkan, voqea 27-aprel kuni soat 17:50 atrofida Bog‘ishamol mahallasidagi avtoyuvish shoxobchasi oldida yuz berganini ma’lum qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 56 yoshli A.U. va uning 30 yoshli o‘g‘li A.A.ga qarindoshi 35 yoshli Q.Sh. va uning uch nafar sherigi — 27 yoshli X.Sh., 28 yoshli T.Sh. va T.Sh. tan jarohati yetkazgan.
Shundan so‘ng gumonlanuvchilar jabrlanuvchilarni Gentra avtomashinasiga o‘tkazib, hodisa joyidan olib ketgan. Voqeaga pul oldi-berdisi tufayli kelib chiqqan nizo sabab bo‘lgan.
Olingan og‘ir jarohatlar tufayli o‘g‘il tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, 28-aprel kuni shifoxonada vafot etgan.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, ushbu ish ortida Denovda “Shakki” laqabi bilan tanilgan zo‘ravon turibdi. U sheriklari bilan yigitni olib ketib, urib o‘ldirgani ta’kidlanmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Denov tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “k”, “ye” bandlari (Bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik oqibatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda to‘rt erkak protsessual tartibda qamoqqa olingan.
Source: www.gazeta.uz