Toshkent xalqaro aeroportida samolyotlar parvozini qushlardan himoya qiluvchi yangi intellektual tizim joriy etildi. Bu haqda Uzbekistan Airports kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Germaniyaning AVES Airport tizimi parvozlar xavfsizligini ta’minlashning ornitologik sohasidagi zamonaviy yechimlardan biri bo‘lib, u sun’iy intellekt yordamida yuqori xavfli hududlarda bir vaqtning o‘zida 256 tagacha qushni avtomatik ravishda aniqlash, kuzatish va haydash funksiyalarini bajaradi.
Undagi maxsus kameralar qushlarni kunduzi 1000 metrgacha, tunda esa 400 metrgacha bo‘lgan masofada ko‘ra oladi. Qurilma havo kemalarining harakatiga qarab mustaqil ravishda faollashadi yoki o‘chadi. Shuningdek, ular har qanday ob-havo sharoitida ishlaydi.
Qushlarni haydash uchun yo‘naltirilgan ovozli va ultratovushli signallardan foydalaniladi. Qushlar ushbu ta’sirga o‘rganib qolmasligi uchun signallar doimiy ravishda o‘zgarib turadi. Shu bilan birga, tizim masofa va atrof-muhitga qarab ovoz balandligini tartibga soladi va ekotizimga salbiy ta’sirni kamaytiradi.
Shuningdek, aerodrom bo‘ylab o‘rnatilgan bir nechta qurilmalar o‘zaro hamkorlikda ishlab, qushlarni parvoz zonasidan xavfsiz hududlarga yo‘naltiradi. Mutaxassislar uchun tahlil va boshqaruv oson bo‘lishi uchun tizim doimiy ravishda ma’lumotlarni yig‘ib boradi.
Source: www.gazeta.uz