Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) Glamour Gold MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yakunlari bo‘yicha jabrlanuvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati xabar berdi.

Tergov hujjatlariga ko‘ra, 2020-yilda boshlangan “Eco Dream” turar joy majmuasi qurilishi loyihasi amalda firibgarlik sxemasi bo‘lib chiqqan. 368 nafar fuqaro jamiyat hisobiga jami 97 mlrd so‘m pul mablag‘ini kiritgan. Tergovga jalb qilingan 274 nafar fuqaroga yetkazilgan zarar 77 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Kelib tushgan murojaatlar asosida IIBB Tergov boshqarmasi va shahar prokuraturasi tomonidan kompaniya mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi ochilib, tergov olib borilgan. Jabrlanuvchilarning aytishicha, kompaniya yillar davomida turli bahonalar bilan odamlarni aldab kelgan. Ulardan biri: “Biz ularga ishongan edik. Avvaliga ‘uyingiz tez bitsinmi yoki sifatlimi’ deb so‘rashdi. Albatta, sifatli bo‘lishiga rozi bo‘ldik. Keyin ‘yerni kavlaganda trubadan suv chiqib ketdi’ deb aldashdi. Shu bilan oradan besh yil o‘tdi. Men 100 foiz to‘lovni amalga oshirib bo‘lganman, lekin uyimni hali ham ololganim yo‘q”, dedi u.

Yana bir jabrlanuvchi 2021-yilda bir xonali uy uchun to‘lovni boshlagan va 20 oy davomida bo‘lib to‘lagan. Hozirda 2026-yil bo‘lishiga qaramay, na uydan, na puldan darak bor. Boshqa bir fuqaro esa 460 mln so‘mdan ortiq mablag‘ to‘laganini, biroq uyi hali kotlovan bosqichida to‘xtab qolganini ma’lum qildi.

16-mart holatiga ko‘ra, “Eco Dream” turar joy majmuasi qurilishiga fuqarolardan yig‘ilgan mablag‘larning atigi 37,4 mlrd so‘mi sarflangani, qolgan qismi esa talon-toroj qilingani aniqlangan. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashrapov: “Yolg‘onchiligi uchun, sizlarni aldaganligi uchun ham bu isbotlandi va qamoqda o‘tiribdi. Agar moddiy zarar 97 mlrd bo‘lsa, undan tashqari sizlarga qurib berilgan yana 300 ta kvartirasi ham zapasda turibdi. Bizlar oxiriga yetkazib beramiz”, dedi.

MCHJ mansabdor shaxslari tomonidan yetkazilgan moddiy zararni qoplash maqsadida ayblanuvchilarga tegishli mol-mulklar sud ajrimiga asosan xatlanib, moddiy zararga qaratish uchun sudga havola etiladi. Xususan, asosiy gumondor Dmitriy Kanga tegishli 65 mlrd 582 mln so‘mlik ko‘chmas mulklar va transport vositalari xatlanib, ularga taqiq qo‘yilgan.

Dmitriy Kanning o‘g‘li Sergey Kan: “Hozirgi holat bo‘yicha, otamning nomida bitta mulk bor. Xayriyatki, hozir uni sotib olishga tayyor mijoz topilib turibdi. Agar bizga o‘sha mulkni sotishga imkon berilsa, undan tushgan mablag‘ni ulushdorlarga zararni qoplash uchun yo‘naltirgan bo‘lardik”, dedi.

Jinoyat ishi hozirda sudga oshirish jarayonida. Toshkent shahri prokurori Anvar O‘rmonov: “Mana mulkini xatladik, yerini xatladik, sudga beramiz. Sud uni sotuvga chiqarib, sizlarga pulini qaytarib berishi mumkin. Yana vaqt ketadi bunga. Bizning vazifamiz – qonun ustuvor, jazo muqarrarligini ta’minlash”, dedi.

Hozirda Glamour Gold MCHJning 9 nafar mansabdor shaxsiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilingan. Barcha ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Mazkur MCHJdan jabr ko‘rgan, ammo hali murojaat qilmagan fuqarolar Toshkent shahri IIBB Tergov boshqarmasiga kelishlari so‘ralmoqda. Bunday fuqarolar bo‘yicha ish alohida yurituvga ajratilib, tergov davom ettiriladi.

Source: www.gazeta.uz