Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida Toshkent teatrlarini modernizatsiya qilish va davlat tomonidan moliyalashtirishni kuchaytirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Poytaxt madaniyat sohasi obyektlarini ko‘zdan kechirgan Saida Mirziyoyeva “Toshkent teatrlarining moddiy-texnik bazasi davlat qo‘llab-quvvatloviga o‘ta muhtoj” ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Muqimiy nomidagi akademik teatr, Yoshlar teatri hamda “Arena” yotoqxonasi binolari anchadan buyon jiddiy ta’mirtalab holatda.

“Biz hamma sharoitni yaratsakkina, repertuarlar yangilanib turadi, tomoshabin ko‘nglidan joy oladigan, dolzarb mavzulardagi spektakllar sahnalashtiriladi”, — dedi PA rahbari.

Yotoqxonada aktyorlar 12−16 kvadrat metr maydonga ega xonalarda yashaydi. Aktrisalardan biri 15 yildan buyon myuzikl teatri ochishni orzu qilayotganini aytib, uning loyihasini qog‘ozda ko‘rsatdi. Saida Mirziyoyeva ushbu loyihani o‘rganib chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

Prezident administratsiyasi rahbari, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyiga tashrif buyurib, u yerda noyob qo‘lyozmalarni raqamlashtirish jarayoni muhokama qilindi.

E’lon qilingan videoda ventilyatsiya ishlamayotgani va issiq suv uzib qo‘yilgani haqida gaplar eshitiladi. Shuningdek, binoda ta’mir ishlari to‘liq yakunlanmagan xonalar, devorlarda ko‘chgan bo‘yoqlar ham ko‘zga tashlanadi.

Avval nazorat bo‘lmagani ta’kidlanib, vaziyatni hozirgi holatga kim yetkazgani yuzasidan tahlil taqdim etish bo‘yicha topshiriq berildi. “Janoblar, javobgarlikni o‘z zimmangizga oling”, — dedi Mirziyoyeva.

Qo‘g‘irchoq teatrida Saida Mirziyoyeva ta’mirlash jarayoni bilan tanishdi. “Moliyalashtirish masalalarini hal qilish uchun mas’ullar tayinlandi. Vaziyat shaxsiy nazoratga olindi”, — dedi prezident yordamchisi.

Yoshlar teatrini (1928-yilda tashkil etilgan, mintaqadagi eng qadimgi teatrlardan biri) rekonstruksiya qilish rejalari haqida 2021-yilda xabar berilgan edi. 2022-yilda teatr ta’mirlash ishlari tufayli noaniq muddatga yopilishini e’lon qildi. Joriy yilning mart oyida ijodiy jamoa o‘zining 98-mavsumini Yosh tomoshabinlar teatri sahnasida vaqtincha ochdi. Aprel oyining oxirida teatr Rossiyada gastrol safarida bo‘ldi.

Prezidentning 2024-yil 22-noyabrdagi qarori bilan Yoshlar teatriga 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 31-dekabrga qadar huquqiy eksperiment tariqasida moliyaviy, ijodiy va tashkiliy masalalarni mustaqil hal etish vakolati berildi.

Source: www.gazeta.uz