Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 aprel kuni tabiatni muhofaza qilish, ekologik barqarorlik, chiqindilarni boshqarish va qo‘riqlanadigan hududlarni rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
2025-yilda 59 mingdan ortiq ekologik huquqbuzarlik aniqlandi (2024-yilda 47 ming edi). Jarimalarning yetarli emasligi sababli korxonalarga huquqbuzarliklarni bartaraf etishdan ko‘ra jarima to‘lash foydaliroq. Sanktsiyalarni xalqaro me’yorlarga yaqinlashtirish taklif qilindi.
Sanitariya tozalash bilan qamrov 88 foizga yetdi. 2026-yilda 90 foizga yetkazish rejalashtirilgan. 2030-yilga kelib poligonlar soni 50 foizga qisqartiriladi.
6 viloyatda $933 millionlik 6 ta chiqindi yoqish zavodi qurilmoqda. Ishga tushgach, 3,6 million tonna chiqindini qayta ishlab, yiliga 1,6 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Yana $633 millionlik 5 ta zavod qurish rejalashtirilgan.
Navoiy viloyatida MDHda birinchi bo‘lgan xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha integratsiyalashgan platforma yaratiladi ($260 mln, yiliga 330 ming tonna).
Ugam daryosi va unga tutash hududlarni davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilish taklif etildi. Qirg‘oq zonalarida qurilish va yer ishlari cheklanadi.
Bu yil Samarqandda ECO EXPO Central Asia 2026 xalqaro ko‘rgazmasi va Global ekologik fondning 8-Assambleyasi bo‘lib o‘tadi, unda 186 davlatdan 2,5 ming delegat qatnashadi.
Source: kun.uz