Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida Ohangaron daryosi o‘zanida belgilangan hududdan tashqarida qum-shag‘al qazib olinishi oqibatida tabiatga 3 mlrd 665 mln 864 ming 700 so‘m miqdorida zarar yetkazildi. Bu haqda viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabar bermoqda.

Nazorat tadbiri davomida davlat raqami yechilgan yuklagich orqali HOWO rusumli yuk mashinasiga daryo o‘zanidan qum-shag‘al ortilayotgani aniqlangan. Holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazilganda, “K.B.T.” MCHJ rahbari qum-shag‘al qazib olish uchun tegishli ruxsatnomasi borligini ma’lum qilgan.

Biroq tekshiruvlar jarayonida kompaniyaga ajratilgan hududdan tashqari joylarda ham qazish ishlari olib borilgani ma’lum bo‘lgan. Holat yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilib, “Yashil loyiha” instituti mutaxassislari jalb etilgan holda marksheyderlik o‘lchovlari o‘tkazilgan.

To‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborilgan. Avvalroq Samarqandda Zarafshon daryosi o‘zanidan qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olish oqibatda tabiatga 422,6 mlrd so‘m zarar yetkazilgan edi.

Source: www.gazeta.uz