Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi elektron retsept tizimini joriy etish bo‘yicha eskirgan tartibni bekor qilish to‘g‘risidagi hujjat loyihasini ishlab chiqdi. Bunda tizimning o‘zi ishlashda davom etadi.

Toshkent shahri va bir qator hududlarda tajriba-sinov loyihasi doirasida qo‘llanilgan vazirning 2025-yil 15-dekabrdagi eski buyrug‘i bekor qilinadi.

Loyihaga ko‘ra, elektron retseptlar tizimi tajribada ishtirok etgan tibbiyot tashkilotlarida to‘liq joriy etilgan, uning asosida dori-darmon buyurishning yagona tartibi esa Vazirlar Mahkamasining 570-sonli qarori bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu munosabat bilan avvalgi idoraviy hujjat o‘zining amaliy va huquqiy ahamiyatini yo‘qotgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligida ta’kidlanishicha, buyruqning bekor qilinishi normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasidagi nomuvofiqliklarni bartaraf etish va yagona huquqiy bazani shakllantirish uchun zarur.

Kelgusida elektron retseptlar bilan bog‘liq masalalarni tartibga solish faqat Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. O‘zgartirishlar texnik xususiyatga ega bo‘lib, huquqiy tartibga solishni soddalashtirish va bir-birini takrorlovchi normalarni bartaraf etishga qaratilgan.

Shu bilan birga, “Elektron retsept” tizimining o‘zini bekor qilish rejalashtirilmagan — u ishlashda davom etadi. O‘zgartirishlar texnik xususiyatga ega bo‘lib, huquqiy tartibga solishni soddalashtirish va bir-birini takrorlovchi normalarni bartaraf etishga qaratilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tizim saqlanib qolishini tasdiqlab, bu bo‘yicha batafsil sharh tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

Loyiha yangi tartibga soluvchi normalarni joriy etmaydi, qo‘shimcha talablar, cheklovlar, javobgarlik, shuningdek, imtiyoz va preferensiyalarni nazarda tutmaydi hamda faqatgina amaldagi idoraviy hujjatni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishga qaratilgan.

Ushbu hujjatning qabul qilinishi qo‘llash amaliyotidagi turlicha yondashuvlarni bartaraf etishga, tibbiyot muassasalari, dorixonalar va bemorlar o‘rtasidagi nizolar xavfini kamaytirishga, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi raqamli xizmatlarning barqaror ishlashini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Elektron retseptlar tizimi 12-dekabr kuni Toshkent shahrida va bir qator boshqa tajriba hududlarida ishga tushirilgan edi. Biroq tibbiyot muassasalari, dorixonalar va aholi bunga to‘liq tayyor emasligi ma’lum bo‘ldi. 15-dekabr kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi davlat va xususiy sektor mutaxassislari bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha hamda fuqarolar fikrini inobatga olgan holda, tizimni bir vaqtning o‘zida emas, balki bosqichma-bosqich, “imkon qadar silliq va tushunarli” tarzda joriy etishga qaror qilinganini ma’lum qildi.

Birinchi bosqich antibiotiklar, sintetik antibakterial preparatlar va tizimli ta’sir ko‘rsatuvchi gormonal preparatlarni qamrab oldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining ayni o‘sha kuni — 15-dekabrda chiqargan buyrug‘ida so‘z boradi.

O‘zbekistonda retsept talab qiladigan dori vositalarini berish avval ham faqat retsept asosida majburiy bo‘lgan, biroq bu talabga rioya etilmas edi.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika agentligi tizimning maqsadlari va ishlashi, qanday dorilar retsept bilan berilishi hamda shoshilinch vaziyatlarda nima qilish kerakligi haqidagi savollarga javob bergandi.

Source: www.gazeta.uz