2026-yilning yanvar-mart oylarida aholi o‘z xonadonlarida o‘rnatilgan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini tarmoqqa sotib, 73,9 mlrd so‘mdan ortiq daromad oldi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 9 barobar ko‘p, deb xabar beradi Soliq qo‘mitasi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, I chorak yakunlari bo‘yicha 45,2 ming nafar jismoniy shaxs “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida 73 mlrd 982 mln so‘m subsidiya olgan, shundan 45,5 milliardi mart oyiga to‘g‘ri keldi (44,7 ming nafar fuqaroga to‘langan).
2025-yilning I choragida 12 746 nafar fuqaro 8 mlrd 147 mln so‘m subsidiya olgan edi. Shu tariqa, bir yil ichida subsidiya oluvchilar soni qariyb 3,5 barobarga, to‘langan mablag‘ hajmi esa 9 barobarga yaqinga oshgan.
Hududlar kesimida eng katta subsidiya hajmi Buxoro viloyati hissasiga to‘g‘ri kelgan — 16,5 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinlarda Xorazm viloyati (13,3 mlrd so‘m) va Qashqadaryo viloyati (9,1 mlrd so‘m) qayd etilgan.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 7,6 mlrd so‘m, Navoiy viloyatida 5,9 mlrd so‘m, Samarqand viloyatida 3,9 mlrd so‘m subsidiya to‘langan. Boshqa hududlarda bu ko‘rsatkichlar 1 mlrd so‘mdan 4 mlrd so‘mgacha bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 1-apreldan “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt/soati uchun 1000 so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilangan.
Subsidiyani “Soliq” mobil ilovasi “Keshbek va imtiyozlar” xizmatining “Quyoshli xonadon” bo‘limidagi “Kartaga pul o‘tkazish” oynasi orqali bank kartasiga o‘tkazib olish mumkin.
Ma’lumot uchun, 2025-yilda O‘zbekistonda 45,3 ming jismoniy shaxs elektr tarmoqlariga uzatilgan quyosh energiyasi uchun davlat budjetidan 209,2 mlrd so‘m subsidiya olgan. Jami 268,7 mingta subsidiya rasmiylashtirilgan, shundan 16,3 mingtasi — dekabrda. Eng ko‘p to‘lovlar Xorazm, Qoraqalpog‘iston va Buxoro aholisiga to‘langan.
Source: www.gazeta.uz