Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Toshkentda qurilishi rejalashtirilgan sun’iy suv havzalari sonini oshirishni topshirdi. Dastlab to‘rtta sun’iy ko‘l qurish rejalashtirilgan bo‘lsa, davlat rahbari bu kamligini ta’kidlab, ularning sonini 12 taga yetkazishni buyurdi.
Yig‘ilishda poytaxtdagi daryo va kanallar bo‘ylarini obodonlashtirish, shaharda salqin mikroiqlim yaratish maqsadida sun’iy ko‘l va havzalar barpo etish loyihalari muhokama qilindi. Xususan, Chirchiq daryosining 16 kilometrlik qismida “Daryo bo‘yi” loyihasi amalga oshiriladi, bu 306 gektar maydonni qamrab oladi.
Loyiha doirasida daryo qirg‘oqlarini mustahkamlash, yashil hududlar barpo etish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirish ishlari rejalashtirilgan. Shuningdek, Bektemir kanali bo‘yida 187,3 gektar maydonda “yashil belbog‘” yaratiladi, sayilgohlar, piyodalar va veloyo‘laklar, ichki yo‘llar, yoritish tizimlari hamda ko‘priklar quriladi.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdulaziz Isroilovning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy ko‘llar shaharning 12 ta tumanida barpo etiladi va ularda favvoralar, dam olish zonalari va yashil maydonlar tashkil qilinadi. Prezident moliyalashtirish masalasini ham hal qilib bergan.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyida Toshkentda namlikni oshirish va mikroiqlimni yaxshilash uchun 12 ta yangi sun’iy suv havzasi yaratish muhokama qilingani xabar qilingan edi. So‘nggi yillarda bir qancha suv havzalari quritib yuborilgan, hokimiyat eski ariq tizimini tiklash va yomg‘ir suvini yig‘ish tizimlarini joriy etish niyatini bildirgan.
Mart oyida Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov “Men ham daraxt ekaman” tashabbusi doirasida 140 gektar maydonda yangi parklar va 25 gektar maydonda “yashil belbog‘” yaratish rejalashtirilganini ma’lum qilgan edi.
Source: www.gazeta.uz