Navoiy viloyati Konimex tumanida 2-may kuni ertalab sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi vafot etdi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi xabariga ko‘ra, hodisa soat 07:20 atrofida A379 Navoiy-Uchquduq xalqaro avtomobil yo‘lining 142-143 kilometrlari oralig‘ida qayd etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Nexia 3 rusumli avtomobil haydovchisi N.J. Zarafshon-Navoiy yo‘nalishida harakatlanayotganda tezlikni oshirib yuborgan va yo‘lning xavfli burilish joyida boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada mashina qarama-qarshi tomonga chiqib ketib, M.A. boshqaruvidagi Ssania 114L yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.
To‘qnashuv natijasida Nexia 3 haydovchisi va uning yo‘lovchisi og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan. Yuk mashinasi haydovchisi esa jarohat olmagan.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov guruhi voqea tafsilotlarini o‘rganmoqda. Mutaxassislar haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga va ayniqsa, xavfli burilishlarda tezlikni pasaytirishga chaqirmoqda.
Source: www.gazeta.uz