Toshkent viloyati Ohangaron shahrida patrul-post xizmati (PPX) xodimini voyaga yetmagan qizga nisbatan noqonuniy xatti-harakat qilishda ayblab, ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on ma’lumot tarqatgan 18 yoshli yigit ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) xabar berdi.
Yigit o‘z videosida PPX xodimini pedofiliyada ayblagan va voyaga yetmagan qizning nomusiga tegganlikda gumon qilgan. IIB xodimlari uni holatga aniqlik kiritish uchun chaqirganida, u qonuniy talablarga bo‘ysunmagan va janjal ko‘targan.
Surishtiruv davomida yigit tarqatgan ma’lumotlarning yolg‘on ekanligini tan oldi. U: “PPS xodimi bilan mashinada yana bir qiz bor edi. Videodagi qiz mening qarindoshim emas. Uzr so‘rayman. 27-apreldan 28-aprel o‘tar kechasi internetga video joyladim, PPS xodimi mashinada qiz bilan o‘tirgani haqida video olib, uni pedofil deb atadim. Men yolg‘on ma’lumot joylaganman, bularning hammasi tuhmat. Men uning oldida uzr so‘rayman”, dedi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron shahri sudining qarori bilan yigit va uning ikki sherigi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmaslik) bo‘yicha aybli deb topilib, 7 sutkadan ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi.
IIBB qo‘shimcha qilishicha, yigitga nisbatan ichki ishlar organi xodimini qasddan obro‘sizlantirish, yolg‘on axborot tarqatish hamda guruh bo‘lib transport vositasiga shikast yetkazish holatlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, IIV Jamoat xavfsizligi departamenti ijtimoiy tarmoqlarda PPX xodimining voyaga yetmagan qizga nisbatan ehtimoliy noqonuniy xatti-harakatlari aks etgan xabarlar tarqalganidan so‘ng tekshiruv boshlagan edi. Keyinchalik IIBB mazkur xabarlar o‘z tasdig‘ini topmaganini bildirdi. Voqea guvohi: “U pedofil emas. Tegajog‘lik qilgan bo‘lganda, o‘zim yozib yuborardim”, dedi. Guvohning aytishicha, videomurojaatdagi yigit aslida qizning akasi emas, balki yigiti bo‘lib, qizni doimiy nazorat qilib keladi. Holatni bolalar ombudsmani ham o‘z nazoratiga olgan.
Source: www.gazeta.uz