Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident huzurida 1-may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi. Yig‘ilish yakunida davlat rahbari “Tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Yangi klinikalar, jumladan chekka hududlarda tibbiyot maskanlarini ochish uchun 200 million dollarlik imtiyozli kredit resurslari yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Kredit liniyasi O‘zbekiston Milliy banki tomonidan ochiladi. Mablag‘lar milliy valyutada, 10 yilgacha muddatga, uch yillik imtiyozli davr bilan taqdim etiladi. Bitta loyiha uchun ekvivalentda 10 million dollargacha mablag‘ ajratilishi mumkin. Kreditlar bo‘yicha stavka Markaziy bank asosiy stavkasidan 3 foiz punktiga yuqori qilib belgilanadi.

Klinikalar tashkil etayotgan tadbirkorlarga Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi hisobidan kreditlar bo‘yicha asosiy stavkaning 50 foizi miqdorida kompensatsiya beriladi. Xorijiy mutaxassislar – shifokorlar, menejerlar, maslahatchilar va texnik xodimlarni jalb qilish uchun alohida imtiyozlar ko‘zda tutilgan. 2029-yil 1-mayga qadar ular uchun ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilanadi. O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi ruxsatnomani berish uchun yig‘im miqdori bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarini (412 ming so‘m) tashkil etadi.

Shuningdek, xususiy sektor uchun zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar va butlovchi qismlarni olib kirish bo‘yicha bojxona imtiyozlari 2029-yilgacha uzaytiriladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili: “Biz zamonaviyroq, eng so‘nggi rusumdagi tibbiy uskunalar, asboblar va diagnostika qurilmalarini olib kela olamiz. Shu orqali aholimiz yanada sifatliroq hamda hozirgi vaqtda O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, – dedi.

2026-yil 1-iyuldan xususiy tibbiyot tashkilotlariga mavjud litsenziya doirasida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha budjet mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bunda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish nazarda tutilmoqda. 2027-yil 1-maydan milliy yoki xalqaro akkreditatsiyaga ega xususiy muassasalarga transplantatsiya faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi. Xususiy klinikalarga transplantatsiya huquqini berish masalasi 2025-yil iyul oyida biznes vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ko‘tarilgandi. O‘shanda Markaziy Osiyo tibbiyot universiteti rektori Nurillo Mamasadikov so‘nggi yillarda bunday jarrohlik amaliyotlari uchun chet elga ketayotgan bemorlar soni ortganini ta’kidlagan edi.

Source: www.gazeta.uz