Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Joriy hafta ish kunlari ob-havosini avvaliga antitsiklon va keyinroq kichik gradiyentli, past bosimli atmosfera jarayoni belgilaydi. Kichik gradiyentli, past bosimli atmosfera jarayoni odatda mintaqaga quruq va issiq ob-havoni taqdim etib, faqat hafta boshlarida, ayrim viloyatlarni hisobga olmasa, respublika bo‘ylab haftaning ish kunlari uchun quruq ob-havo kutiladi. 6-8-may kunlari voha va janub viloyatlarda havo harorati maksimumlari +39 darajagacha yetishi mumkin.

Dam olish kunlari esa respublika hududlari janubdan kirib kelishi kutilayotgan navbatdagi siklonlar seriyasi ta’siriga tushib, bunda hududlarda yana shiddatli jala yog‘inlar kuzatilishi, sel, suv bosish xavflari ko‘payishi mumkin. “O‘zgidromet”ning ma’lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, vodiy viloyatlari hamda tog‘larida qisqa muddatli jala yog‘ingarchiliklari bo‘lishi mumkin. Seshanba kuni vodiy va tog‘larda, chorshanba kuni Qoraqalpog‘istonda, juma kuni vodiydan tashqari ko‘plab viloyatlarda qisqa muddatli jala yog‘inlari kuzatilishi prognoz qilingan.

Hafta boshlarida havo harorati respublika bo‘ylab biroz salqin bo‘ladi. Chorshanbadan boshlab haroratning keskin ko‘tarilishi ro‘y bera boshlaydi. Hafta boshlarida joylarda harorat maksimumlari nari borsa +30 darajagacha ko‘tarilsa, chorshanba-juma kunlari respublikaning katta qismida +33…+38 daraja issiq bo‘ladi. Jumadan boshlab shimolda haroratning biroz pasayib borishi kutiladi. Dam olish kunlari mintaqaga biroz salqin va nam havo oqimlarining kirib kelishi sababli harorat yana hafta boshlaridagi kabi sezilarli salqin bo‘la boshlaydi.

Hafta davomida cho‘l hududlarida, 8-may kuni esa mintaqaga navbatdagi nam havo oqimlarining kirib kelishi oldidan hududlarda kuchli shamollar kuzatilishi mumkin. Tog‘li hududlarda 5 va 8-may kunlaridan tashqari jala yog‘inlar tez-tez kuzatilib, kunning ikkinchi yarmida +22…+24 darajali issiqlik ortidan qo‘ziqorinsimon bulutlar rivojlanib joylarga jala yog‘inlar ulashishi mumkin. Bu esa joylarda tabiiyki, sel xavfini oshiradi.

Haftaning chorshanba-payshanba kunlari past bosimli issiq ob-havo sharoiti havoda kislorodning biroz kamayishini keltirib chiqaradi. Ayniqsa, kunning ikkinchi yarmidan kechga tomon bu kabi holatlar surunkali kislorod yetishmovchiligi, arterial giperteniya, yurakning ishemik xastaligi, nafas olish o‘pka kasalliklari bo‘lgan bemorlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shifokorlar bunday bemorlarga nafas olish mashqlarini bajarish, sovuq suv muolajalarini qabul qilish va dori-darmonlarni iste’mol qilishni tavsiya etadi.

Kosmik ta’sirlar nuqtai nazaridan, o‘tgan dam olish kunlari Quyosh sirtida kuchli chaqnashlar kuzatilmadi. Shuning uchun hafta boshlari uchun “yashil” ya’ni xavfsiz darajadagi geomagnit bo‘ronlari qo‘zg‘alishlari kutilmoqda. Shu bilan birga, hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas.

Source: www.gazeta.uz