Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Andijon viloyatining Marhamat tumanida yuk avtomobili piyodani urib yuborishi oqibatida bir kishi voqea joyida vafot etdi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hodisa 26-aprel kuni soat 17:05 atrofida Marhamat tumani “Mustaqillik” MFY hududidan o‘tgan D-140 “Shahrixon — Asaka — Marhamat — Qirg‘iziston Respublikasi chegarasi” avtomobil yo‘lining 41-kilometrida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, 20 yoshli haydovchi “KamAZ-5511” rusumli yuk avtomobilini boshqarib ketayotib, piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani ko‘rmay qolgan va uni urib yuborgan.

YTH oqibatida 39 yoshli piyoda olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan. Holat yuzasidan Marhamat tumani IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkentning Yakkasaroy tumanida Cobalt yo‘lni kesib o‘tayotgan 78 yoshli piyodani urib ketgan edi. Hodisa oqibatida piyoda voqea joyida vafot etgan.

Ma’lumot uchun, 2026-yilning 3 oyida O‘zbekistonda 1102 ta YTHda 346 kishi vafot etdi. Tahlillarga ko‘ra, YTHlarning 32,9 foizi belgilangan tezlikka rioya etmaslik, 22,4 foizi svetofor talablariga amal qilmaslik, 13,6 foizi haydovchilar tomonidan piyodaga yo‘l bermaslik oqibatida sodir bo‘lgan.

Source: www.gazeta.uz