28-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatidagi Futbol assotsiatsiyasi markazi va “Neftchi” bolalar futbol akademiyasiga tashrif buyurdi. Davlat rahbari yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, yosh sportchilarning mashg‘ulotlarini kuzatdi.
Akademiya tarbiyalanuvchilari bilan suhbatda prezident futbolni rivojlantirish uchun adolatli saralash, zamonaviy sharoitlar va bilimga asoslangan tayyorgarlik zarurligini ta’kidladi. “34 yil davomida O‘zbekiston hech qachon jahon chempionatiga chiqmagan. Chunki orzuga asos bo‘lmagan. Avvalambor, men birinchi kelganimdan adolat o‘rnatamiz, dedim. Adolat degani, Abduqodir [Husanov] ga o‘xshagan bolalar ko‘p o‘zi dunyoda. Lekin ularni bilib-bilmasdan chekkaga surib qo‘yish, tanish-bilishchilik va hokazo bizga manfaat bermadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda o‘zbekistonlik yosh futbolchilarni xorijda diqqat bilan kuzatib borishmoqda. “Dunyo O‘zbekiston futbolchi yoshlariga qarab turibdi, lupada qarab turibdi. Har birlaringning harakatlaringni manaman degan katta-katta kompaniyalar, davlatlar, jumladan, Arab Amirliklarining klublari har kuni qaraydi”, — deya ta’kidladi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev uning maqsadi — milliy futbol kelajagi uchun zamin yaratish ekanini ta’kidladi. “Shuning uchun, bugun ham sizlarni, mana shunday sharoitlarni ko‘rib, shuni tushunamanki: baribir, sharoit va imkoniyat bo‘lmasa, faqat futbolda emas, boshqa birorta sport turida rivojlanib bo‘lmasdi”, — dedi prezident.
Davlat rahbari, shuningdek, O‘zbekistonda futbolni ko‘pchilik sevishini, biroq bu sport turiga faqat muhabbatning o‘zi yetarli emasligini qayd etdi. “Yoshligimizda oyog‘imizdan tirnog‘imiz chiqib, qon chiqib, chiroqlarsiz, sharoitlarsiz o‘ynardik. U boshqa zamon edi. Lekin shu zamonlarni ko‘rgan odam sifatida sizlarga hamma sharoit yaratib beryapman. Sizlar esa zamonga munosib bo‘lib, harakat qilib, ilm asosida tarbiyalanishingiz kerak. Ana shunda chora-tadbirlar zo‘r bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
“Neftchi” bolalar futbol akademiyasi 4,5 gektardan ortiq maydonni egallagan bo‘lib, 150 nafardan ziyod tarbiyalanuvchini o‘qitishga mo‘ljallangan. Uning hududida oltita futbol maydoni, shuningdek, zamonaviy tibbiy va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlangan fizioterapiya bo‘limi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda 1,1 mln dollar miqdoridagi investitsiya hisobiga sun’iy qoplamali va havo gumbazli yopiq futbol maneji qurilgan. O‘yinchilarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash uchun akademiyaga UEFA instruktori va boshqa xorijiy mutaxassislar jalb etilgan.
Source: www.gazeta.uz