Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xabariga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklari va Gruziyadan xalqaro qidiruvda bo‘lgan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga olib kelingan.
Uch nafar fuqaro O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tashabbusi bilan xalqaro qidiruvga berilgan bo‘lib, ulardan ikkisi firibgarlikda, yana biri odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanmoqda. Ular jinoyat sodir etgandan so‘ng BAAga qochib ketgan.
Interpol kanallari orqali o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida ularning turgan joyi aniqlanib, Interpolning Abu Dabidagi Milliy markaziy byurosi ko‘magida qo‘lga olingan. Keyinchalik ularni topshirish Toshkent va Abu Dabi Milliy markaziy byurolari o‘rtasidagi hamkorlik va huquqiy mexanizmlar doirasida amalga oshirilgan.
Yana bir holatda, o‘ta yirik miqdordagi firibgarlikda ayblanib qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi Gruziya hududida aniqlanib, qo‘lga olindi. Bu Interpolning Tbilisidagi Milliy markaziy byurosi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlar natijasida amalga oshirildi.
Gruziya Adliya vazirligi O‘zbekiston Bosh prokuraturasining iltimosnomasini qanoatlantirgach, mazkur shaxs ekstraditsiya qilinib, Interpol xodimlari hamrohligida Toshkentga olib kelingan.
Barcha ushlanganlar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi. Interpol Milliy markaziy byurosi chet elda yashirinish javobgarlikdan ozod qilmasligini ta’kidladi.
Avvalroq qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari Bahrayn va AQShdan ekstraditsiya qilingan edi. Ulardan biri firibgarlikda, ikkinchisi o‘ta yirik miqdordagi o‘g‘irlikda gumonlanib xalqaro qidiruvga berilgan.
Source: www.gazeta.uz