Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

1 may kuni soat 21:40 atrofida kuchli yomg‘ir tufayli Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Rapkon qishlog‘idagi “Vorux Dasht” va “Yangiqo‘rg‘on” mahallalarida bir qancha uylarga suv kirib ketdi. Hozirda tegishli xizmatlar toshqin oqibatlarini bartaraf etmoqda. Kun.uz muxbiri voqea joyiga borib, reportaj tayyorladi.

“Uyga qaytganimda devor va ayvon qulab tushgan edi” – deydi Tursunbibi Xusanova. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1 may kuni soat 22:00 atrofida qarindoshi qo‘ng‘iroq qilib, yuqori qishloqqa sel kelgani va suv ularga ham yetib kelishi mumkinligini aytgan. “Ko‘chaga chiqsam, hovlida allaqachon suv bor edi. Bolalarni uyg‘otib, kiyintirdim. Uyni tark etib, boshqa joyga ko‘chdik. Erim kelib, qo‘ralardagi mollarni ayvonga bog‘ladi. Ertasi kuni kelganimda ko‘cha devori qulab tushgan edi. Orqa tomonda ikkita hojatxona va hammom bor edi – ular ham vayron bo‘lgan. Tandir va uy orqasidagi ayvon ham qulagan. Yaxshiyamki, uyga suv kirmagan. Faqat hammomga kirgan. Hozir hammasini tozalayapmiz. Hokim kelib, joyni ko‘zdan kechirdi. Qo‘shnilar hashar yo‘li bilan yordam berishyapti. Qo‘limizdan kelganicha yordam berishga va’da berishdi”, – dedi u.

“Besh uyimga suv kirdi” – deydi Ilhomjon Dexqonov. U 2019-yilda ham shu yerda sel bo‘lganini, unda zarar ko‘rganlar ko‘proq bo‘lganini, hatto turar-joy uylari vayron bo‘lganini eslaydi.

“Zarar hisoblanmoqda” – deydi Beshariq tumani “Nuroniylar” jamg‘armasi raisi O‘rtikali Isomiddinov. Uning ma’lumotiga ko‘ra, 1 may kuni soat 21:00 atrofida kuchli yomg‘ir tufayli “Vorux Dasht” mahallasidagi 90 dan ortiq uy hovlisiga suv kirgan. Odamlar va chorva mollari zarar ko‘rmagan. Shu kundan boshlab oqibatlarni bartaraf etish ishlari boshlangan. Ishchi guruh uylarni aylanib, zararni hisoblamoqda. Jabrlanganlarga imkon qadar yordam beriladi.

Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Axliddin Alijonovning bildirishicha, toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur kuch va vositalar jalb qilingan, zarar qisqa muddatda bartaraf etiladi.

Source: kun.uz