Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentdagi “Chorsu” metro bekati kirish qismining 3-may kuni yomg‘ir paytida suv bosishiga irrigatsiya-drenaj tarmoqlarining o‘zboshimchalik bilan yopilishi sabab bo‘lgan. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati roligida hokimlik drenaj va kollektor tizimlari boshqarmasi muhandisi Farhod Najmiddinov ma’lum qildi.

“O‘zboshimchalik bilan yopib qo‘yishgan: avtoturargohlar, yo‘laklar qurishgan-u, ular (irrigatsiya tarmoqlari) to‘silib qolgan. Ilgari bunday muammo yo‘q edi, chunki irrigatsiya tarmoqlari normal holatda edi”, – dedi mutaxassis.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentdagi drenaj tizimi sutkasiga 20 mm yog‘ingarchilikka mo‘ljallangan bo‘lib, yakshanba kuni ikki soat davom etgan yomg‘irda 12 mm yog‘in yog‘gan. Ammo bu ham ko‘chalarda suv to‘planishiga sabab bo‘lgan.

Farhod Najmiddinov ma’lum qilishicha, bunday holatlarning oldini olish maqsadida 36 km irrigatsiya va drenaj tarmoqlarini qamrab olgan master-reja ishlab chiqilgan. Shahar hokimi Shavkat Umurzakov vaziyatni o‘rganish uchun hodisa joyiga yakshanba va dushanba kunlari borgan.

Hozirda yopib qo‘yilgan drenaj tizimini tozalash va yangi tarmoqlarni yotqizish ishlari olib borilmoqda. Gazeta suv bosishi natijasida ayrim ko‘cha uchastkalari va ko‘plab turar-joy hovlilari ham zarar ko‘rgani haqida xabar bergandi.

2014-yilda ham ko‘plab ko‘chalar va sobiq “Chorsu” mehmonxonasi yaqinidagi yerosti o‘tish yo‘li suv ostida qolgani haqida xabar qilingan edi. 2023-yil aprel oyida esa yomg‘irdan keyin “Amir Temur xiyoboni” metro bekatiga suv kirgan.

2025-yil dekabrida Toshkent uchun drenaj tizimi bo‘yicha master-reja ishlab chiqilgani ma’lum qilingan. Unga ko‘ra, 150 km yopiq drenaj tarmog‘ini barpo etish, 197 km kanal va kollektorlarni ta’mirlash hamda 63 km yangi kanal qurish rejalashtirilgan.

Source: www.gazeta.uz