Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida 41 yoshli erkak ikkinchi xotinini o‘ldirish maqsadida qotil yollagani uchun qo‘lga olingan. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Gumonlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, uning ikki oilasi bo‘lib, ikkinchi ayoli birinchi oilasi haqida bilib qolgach, ular o‘rtasida doimiy kelishmovchiliklar yuzaga kelgan. 37 yoshli ayol erkakni farzandlari va o‘zini to‘rtinchi qavatdan tashlab yuborish bilan qo‘rqitib kelgan.

“Men o‘zi ikkita turmushim bor. Ikkinchi turmushimda ayolimga hamma narsa qilib berganman, hamma narsasi bor. Asabiy bo‘laverardi hamma narsadan. Oxiri olti, yetti oy oldin birinchi ayolim ham bilib qoldi ikkinchi turmushim borligini. Meni ko‘pincha qo‘rqitardi-da, sen ketib qoladigan bo‘lsang, bolalarimni to‘rtinchi etajdan tashlab yuboraman, o‘zimni ham tashlayman to‘rtinchi etajdan, deb aytardi. Men chidolmasdim-da bu gaplarga, to‘g‘risi. Qarasam, oxirgi paytida bo‘lmay ketyapti. Keyin nima qilsam bo‘lar ekan deb o‘ylab-o‘ylab, mana shu yo‘lga kirib qoldim. Keyin bitta odamni yo‘llab, ayolimni shu qo‘rqitib qo‘yish yoki o‘ldirish maqsadida gaplashdim”, — dedi u.

U ayolni o‘ldirish uchun bir shaxs bilan 10 ming dollarga kelishib, unga ayolining yashash manzili, kundalik harakatlanish yo‘nalishi va avtomashinasi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etgan. Kelishuv vaqtida avans sifatida 2 ming dollar berib, qolgan summani ish bitganidan keyin berishni va’da qilgan.

“O‘sha bola aytgan, nima qilay, degan. Pichoqlab o‘ldirish kerakmi yo bo‘g‘ib o‘ldirish kerakmi, degan. Men endi qo‘rqitgin-da, bo‘g‘ib o‘ldirgin, deganman”, — dedi erkak.

26-aprel kuni Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan ayolning hayotini saqlab qolish maqsadida maxsus reja ishlab chiqilgan. Yollanma qotil sifatida jalb qilingan shaxs huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilgan.

Ayolning o‘limi sahnalashtirilib, bu haqda buyurtmachiga xabar berilgan. O‘zaro uchrashuv vaqtida erkak yollangan kishiga va’da qilingan pullarning bir qismi sifatida 6,5 mln so‘m va marhumaning nomidagi Tracker avtomashinasini topshirayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

“Uni tirik olib qolish payida bo‘lgan xodimlarga katta rahmat. O‘lganida ertaga men vijdon azobida tamom bo‘lardim. Qiynaldim. Hech qachon ikkinchi yoki uchinchi ayolga uylanmanglar, birinchi oilangizning qadriga yeting. Mingdan-ming pushaymonman. Rosa ham sharmanda bo‘ldim”, — dedi erkak.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Source: www.gazeta.uz