Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha sud hujjatlari asosida chuqur tahlil o‘tkazdi. Gazeta agentlikning bu bo‘yicha xulosasi bilan tanishdi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, farmatsevtika sohasida dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, sertifikatlashtirish va litsenziyalash jarayonlarida ochiqlik va raqamlashtirish yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Bu holat inson omilining yuqori ulushi saqlanib qolishiga va korrupsiyaviy xavflar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgani qayd etildi.

2024-yil 26-fevral kuni Toshkent shahar sudi tomonidan mazkur ish bo‘yicha bir qator shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan. Jumladan, 20 yildan 3 yilgacha turli muddatlardagi jazolar belgilangan.

Ish materiallarida “Dok-1 Maks” dori vositasining ro‘yxatdan o‘tkazilishi jarayonida qator hujjatlarda kamchiliklar mavjud bo‘lgani, ayrim holatlarda talablarga zid qarorlar qabul qilingani ko‘rsatilgan.

Agentlikka ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi huzuridagi ekspertlar kengashi a’zolarini tanlash va tarkibini shakllantirish tartibi biror-bir huquqiy hujjatda belgilanmagan. Kengash 17 nafar mustaqil ovozga ega a’zodan iborat bo‘lib, ular hujjatlar, ekspert xulosalari va dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yoki rad etish bo‘yicha yakuniy xulosani taqdim qiladi. Ammo a’zolarning ayrimlari markazda rahbarlik lavozimlarida ham faoliyat yuritishi manfaatlar to‘qnashuvini yuzaga keltirmoqda. Masalan, markaz bo‘lim boshlig‘i N.Musayev kengash a’zosi sifatida “Dok-1 Maks”ni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida ishtirok etgan va ekspertlar kengashi a’zosi sifatida ovoz berishda ham qatnashgan, deyiladi tahlilda.

Ta’kidlanishicha, ekspertlar kengashi faoliyatida shaffoflik prinsipi ham yetarli darajada joriy etilmagan. Choraklik va yillik hisobotlar, a’zolar ro‘yxati hamda dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish natijalari markazning rasmiy saytida e’lon qilinmagan. Shuningdek, farmatsevtika korxonalarida inspeksion tekshiruv va uning natijalarini jamoatchilikka taqdim etish tartibi ham huquqiy jihatdan aniq belgilanmagan. Bu esa sohada korrupsiyaviy munosabatlarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, inspeksion tekshiruv o‘tkazish faoliyati xalqaro standartlarga zid ravishda yo‘lga qo‘yilgani aytilgan. Oqibatda, davlatning nazorat mexanizmlari sun’iy ravishda kamaytirilib, sohada korrupsiyaviy omillar yuzaga kelmoqda.

Xususan, hukumatning 2021-yil 3-avgustdagi 486-son qarori bilan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tarkibida Zarur amaliyotlar markazi DUK korxonalarda inspeksion tekshiruvlarni amalga oshirish bo‘yicha yagona vakolatli tuzilma sifatida tashkil etilgan. Ammo ushbu tartib JSST va Yevropa direktorati tavsiyalari va standartlariga zid. Aslida dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning muvofiqlik talablarini baholash va tekshiruv o‘tkazish tartibi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshirilishi lozim.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunga kelib, farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, sertifikatlashtirish, faoliyatini litsenziyalash bilan bog‘liq barcha jarayonlar to‘liq raqamlashtirildi. Aholi salomatligini himoya qilish maqsadida dori vositalarining ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlari qayta ekspertizadan o‘tkazilib, kamida 92 turdagi dori vositalarining ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalari bekor qilindi hamda ularni ishlab chiqarish, import qilish va realizatsiya qilish taqiqlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xulosalariga ko‘ra, sohada korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish uchun quyidagi yo‘nalishlar muhim: dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishni to‘liq onlayn tizimga o‘tkazish, barcha ma’lumotlarni ochiq e’lon qilish, ekspertlar kengashi faoliyatida shaffoflikni ta’minlash hamda inspeksion tekshiruv tizimini xalqaro standartlarga muvofiq qayta tashkil etish.

Ma’lum qilinishicha, mazkur takliflar tegishli davlat organlariga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur ish bo‘yicha vafot etgan hamda nogiron bo‘lib qolgan ota-onalar sudlar tomonidan belgilangan kompensatsiya to‘liq qoplab berilmayotganidan norozi bo‘lib OAV, xususan, Gazeta nashriga ham bir necha bor murojaat qilgandi. Ota-onalarning aksari zaharlangan bolalarini davolatish davomida uy-joyi, mashinasi, boshqa mol-mulklarini sotishga, katta qarzlar va kreditlar olishga majbur bo‘lgandi.

Sud tomonidan belgilangan kompensatsiya pullarini ololmayotgan nogironlik orttirgan bolalarning ota-onalari 2024-yil kuzida “Endi kimga murojaat qilishimiz kerak, prezidentgami?” degan savol qo‘ygandi. Shundan bir necha kun o‘tib, sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov jabrlanganlarning holida xabar olinayotgani haqida gapirgandi, ammo ota-onalar vazirni yolg‘onchilikda ayblagandi.

2025-yilning oktabrida vafot etgan va nogiron bo‘lib qolgan farzandlari uchun qonuniy haqini ololmayotgan ota-onalar prezident Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘llagandi.

2026-yil 20-fevral kuni sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov “Dok-1 Maks” jabrlanuvchilariga ambulator va statsionar tarzda tibbiy xizmat ko‘rsatilayotgani, ammo kompensatsiya masalasi vazirlik vakolatida emasligini ta’kidlab o‘tgandi.

Source: www.gazeta.uz